Homiladorlik ayol tanasida turli o‘zgarishlarni yuzaga keltiradi. Ba’zan u o‘zini o‘ylantirayotgan masalalarni yaqinlaridan, shifokordan so‘rashga andisha qilishi mumkin. Ayrim vaqtlarda bu jiddiy asoratlarga ham sabab bo‘lishi hech gap emas.
Aslida qanday kasalliklar homiladorlikka mutlaq monelik qiladi? Ularning oldini olish va davolash qanchalik samara beradi?
Inson hayoti — aziz
— Ba’zi ayollar, yaxshiman-ku, nega shifokorlar vahima qilaveradi, deb o‘ylaydi, — deydi tibbiyot fanlari doktori, professor Maqsud MAHMUDOV. — Homiladorlikning dastlabki uch oyida yaxshi bo‘lishi mumkin, lekin oltinchi-ettinchi oyiga borib asorat kuchayib ketsa nima bo‘ladi? Shifokor esa qancha xavf-xatar mavjudligini taxmin qila oladi. Hatto o‘n foiz xatar tug‘diradigan bo‘lsa ham bu xavfli. Dunyoda inson hayotidan qimmatli narsa yo‘q. Qanday bo‘lmasin, uning sog‘lig‘ini asrashimiz kerak. Bunga esa shifokorlar bilan birga shu insonning o‘zi ham mas’ul. Agar shifokor ayolga homiladorlik uning sog‘lig‘iga xavf tug‘dirishini tushuntirsa-yu, u tushunishni istamasa, natijasi salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Ikki ayol taqdiri
Toshkent shahrida qayd etilgan ikki nafar onaning tug‘uruq vaqtida hayotdan ko‘z yumishi yaqinlari qatori shifokorlarni ham qattiq tashvishga soldi. Ulardan biri epilepsiya kasalligi bilan og‘rigan bo‘lib, buni hammadan yashirishga harakat qilgan. Kelin bo‘lib tushgan xonadonidagilar, oilaviy poliklinika vrachi, tug‘uruqxona shifokori bexabar bo‘lishgan. Hammasi tug‘uruq boshlanib, ayolning ahvoli og‘irlashgach, ma’lum bo‘lgan.
Ikkinchi holatda esa, bo‘lajak ona zaxm kasalligidan aziyat chekkan. Bu xastalik ichki a’zolarni asta yemirib, uzoq yillar davom etadi. Ayol esa xuddi yuqoridagi holat kabi buni shifokorlarga aytmagan. Natijada immuniteti pasayib, o‘pka yallig‘langan. Unga jigar xastaligi qo‘shilgan. Oxiri ahvoli og‘irlashgach, o‘zi shifokorlarga bu haqda aytgan.
Ikkala holat ham o‘zi bilib turib yashirishdan kelib chiqdi. Agar o‘z vaqtida shifokor bilan maslahatlashganda bunday salbiy holatlarning oldini olish mumkin bo‘larmidi...
Nima monelik qiladi?
— Homildorlik bir mo‘’jiza bo‘lib, sog‘lom inson tanasida ikkinchi inson rivojlanib dunyoga keladi, — deydi Toshkent shahar 8-son tug‘uruq kompleksi bosh shifokori, oliy toifali akusher-ginekolog Kamoliddin NIZOMIDDINOV. — Aslida bu fiziologik jarayon asoratsiz va o‘z vaqtida kechishi kerak. Odatda, har yuzta homilador ayoldan saksontasida bu me’yorda kechadi. Faqat yigirmatasidagina asorat yuzaga kelishi mumkin. Shifokor mana shu asoratlarning oldini olishi kerak. Agar tug‘uruq me’yorida kechayotgan bo‘lsa, unga aralashmaslik, dori-darmonsiz olib borgan yaxshi, albatta. Ortiqcha dorilarni qo‘llash bolaning miyasida qon aylanishi buzilishiga olib keladi. U tug‘ilgach, yig‘loqi, injiq bo‘lib qoladi. Rivojlanishda tengdoshlaridan ortda qoladi.
Homiladorlikka monelik qiladigan kasalliklarni xalqimizga tushuntira olishimiz kerak. Ularning ro‘yxatini to‘rtta yoki oltita, deb aniq aytib bo‘lmaydi. Bu juda keng tushuncha. Uncha xatarli emas, deb o‘ylagan holatlar ham ertaga katta xavf tug‘dirishi mumkin.
Ayolning qaysidir tana a’zosi yuklamaga bardosh bermasa, asoratlar, albatta, ko‘rinadi. Boshqa ixtisoslikdagi shifokorlarimiz ham bu vaziyatga jiddiy ahamiyat bermasligi mumkin. Aslida har bir mutaxassis homilador bo‘lish istagidagi ayolni chuqur tekshiruvdan o‘tkazib, biror kasalligi aniqlansa, davolanishi kerak. Shunda uning mushkulini biroz kamaytirish mumkin bo‘ladi.
Onalar o‘limini tahlil qilib ko‘rsak, ko‘pincha qon ketishiga olib keluvchi jigar, qon kasalliklari, yuqori darajali kamqonlik kabi holatlar ko‘p uchraydi. Davolash qiyin bo‘lgan qandli diabet kasalligida xastalik yanada kuchayib, bolaga ham o‘tishi mumkin. Buyrak yallig‘lanishi oqibatida qon bosimi oshadi, ayol shishib ketadi, homilani ko‘tarib yurolmaydi.
Qolaversa, homila bilan bog‘liq bo‘lmagan kasalliklar ham bor. Masalan, ayoldagi tug‘ma yurak rivojlanishida nuqsonlar, keyinchalik paydo bo‘lgan yurak kasalliklari to‘lg‘oq vaqtida ortiqcha yuk tushishi sabab u o‘z vazifasini bajarolmay qolishi mumkin. Shu bilan birga, aynan homiladorlik bilan bog‘liq kasalliklar bo‘lishi mumkin. Tug‘uruqdan keyin yaxshi bo‘lib ketadi. Shunday vaqtlarda jarrohlik usuli bilan ayolga yordam berishga harakat qilinadi.
Qay biri ma’qul?
Hozir ayol va homilaning hayotini saqlab qolish maqsadida jarrohlik usullaridan kengroq foydalanilmoqda. Bu usuldan AQShda 45-60 foiz, bizda 12-20 foiz foydalaniladi. Respublikamizdagi maxsus tibbiy markazlarda tug‘uruqlarning 30-40 foizi kesarcha kesish yo‘li bilan amalga oshiriladi. Demak, shifokor har bitta holatni taroziga solib, ona va bolaga bo‘layotgan xavf-xatarni inobatga olib, to‘g‘ri qaror qabul qilishi kerak. Lekin homila uchun ham, ona uchun ham tabiiy tug‘uruq afzal. Kesarcha kesishda suv ichida yotgan bola bir holatdan ikkinchi holatga birdan o‘tib, qiynaladi, o‘pkasida suv qolib ketishi mumkin. O‘zi tug‘ilayotgan bo‘lsa, tashqi muhitga asta moslashib, tug‘uruq yo‘llaridan o‘tayotganda o‘pkalari qisilib, suv chiqib ketadi. Quruq o‘pka bilan tug‘iladi. Bunda chinqirib yig‘lash, nafas olish yengil kechadi. Shuning uchun ham biz homilador ayolning o‘zi tug‘ishi tarafdorimiz kesmaslikka harakat qilamiz. Xavf-xatar yuqori bo‘lgandagina jarrohlik usuli qo‘llanadi.
Shahnoza RAHIMXO‘JAYEVA yozib oldi