Taniqli xonanda Ozoda Nursaidova yurak xastaligi bilan shifoxonaga yotqizilgan. Bu haqda uning singlisi Nilufar Nursaidova ijtimoiy tarmoqlar orqali xabar berdi.
Ozodaning singlisi bir yarim daqiqalik videomurojaatda opasining betob ekani, 15 kundirki, yurak xastaligi bezovta qilayotganini, shu sabab shifoxonaga yotqizilganini aytadi.
U videomurojaatning boshidan oxiriga qadar yig‘larkan, opasini shu ko‘yga solganlarga qarata iddao qiladi.
Hozircha Ozoda Nursaidovaga nima bo‘lgani, u qaysi shifoxonada davolanayotgani ma’lum emas.
Ma’lumot o‘rnida, 2000 yillar boshida O‘zbekistonda misli ko‘rinmagan mashhurlikka erishgan Ozoda Nursaidova ko‘plab taniqli xonandalarga xavf sifatida ko‘riladi. 2006 yilga kelib uning lisenziyasi bekor qilinadi. Mana, 13 yildirki, Ozoda Nursaidova O‘zbekistonda norasmiy “zapret”da. Xonandaning qo‘shiqlari radio va teleekranlarda namoyish etilmaydi. Qolaversa, 13 yildan buyon konsert dasturini taqdim etmaydi.
Ozoda Nursaidova so‘nggi bor 2019 yilning 13 yanvar kuni O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Sevara Nazarxonning yangi musiqiy albomi taqdimot marosimida ko‘rinish bergandi.