Меню
Поиск
Фотоалбом
Главная » Файлы » KINO YANGILIKLARI

Otabek Musaev: “kino san’ati tadbirkorlikka aylanishiga qarshiman!”


Bugungi suhbatdoshimiz Konstantin Stanislavskiy tili bilan aytganda, qiyinchilikni odatga, odatni yengilikka, yengillikni esa yoqimli jarayonga aylantirishning uddasidan chiqa oladigan ustozoda ijodkor,“O‘zbekkino” Milliy agentligi bosh direktori Otabek MUSAEV...

— Prezidentimiz 3 avgust kuni mamlakatimiz ijodkor ziyolilari vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdilar. Uchrashuvda milliy kinematografiyaga ham alohida urg‘u berib, kamchiliklarni sanab, ularni bartaraf etish uchun moddiy ko‘mak ham ajratdilar. “O‘zbekkino” Milliy agentligi ushbu ishonch va mas’u­liyatni qanchalik oqlaydi?

— Haqsiz, Prezidentimiz ma’ruzasining ko‘p qismi kino sohasiga qaratildi. Ochig‘i, bu e’tibordan xursand bo‘ldim. Kinoning bugungi ahvoli yuzasidan tanqidiy yondashuvlar ham bo‘ldi. “O‘zbekkino” Milliy agentligining bosh direktori sifatida tan olib aytishim mumkin, bugungi kino talabga javob bermaydi. Bu bilan hech ish qilinmayapti, demoqchimasman, aytmoqchimanki, hali qilinadigan ishlar talaygina. Zamon shiddatkorlikni talab qilyapti, unga yetib olishimiz kerak. Biroq shoshma-shosharlik emas, professionallik bilan. Uchrashuvda “Mahallada duv-duv gap” kabi yillar chig‘irig‘idan o‘tsa-da, maroq bilan ko‘riladigan filmlar yo‘qligi, madaniyat, san’at hech qachon biznes, tadbirkorlik bo‘lmasligi, sohada professionallar ishlashi lozimligi xususida ham gapirildi. Hammaga ma’lum, tarixiy filmlarni professional darajada ishlash uchun katta mablag‘ talab etiladi. Shu ma’noda, Prezidentimiz tomonidan katta mablag‘ ham ajratildi. Bu imkoniyatdan unumli foydalanib, kino sohasidagi mavjud muammolarni bartaraf etib, so‘ng minnatdorlik tarzida, xalqning omonati sifatida bu mablag‘ni davlatga qaytarishimiz kerak. Uy qurishni kechiktirib turish mumkin. Lekin bugun "kameramiz yo‘q, texnika ishlamayapti”, kabi vajlar bilan ma’naviyatni atigi bir kunga bo‘lsa-da to‘xtatsak, rivojlanishdan o‘n yilga ortda qolamiz, ma’naviyatni umuman yo‘qotib qo‘yish ehtimoli ham yo‘q emas. Shu bois yeng shimarib, uyqudan kechib bo‘lsa-da, ishlash kerak.

— Otabek aka, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiyi Munavvara Abdullayeva “Kino aktyor uchun reklama”, degandi. Haqiqatda shunday bo‘lib qoldi...

— Bir voqea yodimga tushdi. O‘tgan yili oldimga yetti-sakkizta mashhur emas, taniqli aktyorlar keldi. Shunda kinoni kamsitmagan holda “hammangizni odamlar taniydi, o‘ntadan ikkitasi sizlarga taqlid qiladi. Biror yerga borsangiz, navbatsiz o‘tkazib yuborishadi. Xo‘sh, qaysi biringiz teatr sahnasiga chiqib, tomoshabin bilan hamnafas bo‘la olasiz?” dedim. Ko‘pchiligi gapimdan xafa bo‘ldi. Keyin bilsam, ular O‘zbekiston xalq artisti Bahodir Yo‘ldoshevning oldiga borishibdi, aktyorlarning bu qaroridan xursand bo‘ldim. Bahodir aka ular ishtirokidagi “Bobur” spektaklini ko‘rishga taklif qildi. Taniqli kinorejissyor Jahongir Qosimov bilan birga bordik. Spektakldan so‘ng ularga “aktyorlik qanchalik mashaqqat va mas’uliyatli ekanini endi his qildingiz. Chunki kechasi bilan to‘lg‘anib, rolingiz haqida o‘ylab chiqqansiz”, dedim. Saqichni tuflab, “kamerani yoq!” deb ham rol o‘ynash mumkin. Biroq bu professionalizm emas. Taniqli bo‘lish, o‘zini ko‘z-ko‘z qilish uchungina kinoga qadam qo‘yganlarni aktyor hisoblamayman.

— Aslida kino ta’limini olmagan “tug‘ma iste’dod”larni OAVlarda “aktyor, aktrisa” deb yozish, atash qanchalik to‘g‘ri va bu jarayonda “O‘zbekkino”ning roli qanday?

— Jurnalistlarimiz ma’lum jihatlarda “O‘zbekkino” Milliy agentligi bilan bamaslahat ish qilishsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Aktyor, bu — yuksak nom! Avvallari tomoshabin aktyor bilan ko‘rishish, suhbatlashish nariyoqda tursin, ekran yo spektaklda ko‘rishga mushtoq bo‘lardi. U aktyorlar qanchadan qancha kitob o‘qigan, professionalizmga erishish uchun uzoq mashaqqatli yo‘lni bosib o‘tgan. Hozirgilarning hammasi yomon, demoqchimasman. Orasida o‘z ustida ishlasa, kino san’ati rivojiga hissa qo‘sha oladiganlari ham bor.

— Kechirasiz-u, o‘sha siz aktyor hisoblamaydiganlarni rahbarligingizdagi “O‘zbekkino” Milliy agentligi viloyatlar bo‘ylab uchrashuvlarga yuboryapti-ku?

— Tomoshabinlar o‘zi taniydigan taniqli “aktyor”larni yuborishimizni talab qilishadi. Vaholanki, u havaskorlar “O‘zbekkino” Milliy agentligi “shtati”da turmaydi. Lekin “aktyor”larning uchrashuvlarga borgani foydadan xoli emas. 7-8 yil avval taniqli aktyorlar bilan viloyatga bordik, shaxtaga tushdik. Shunda ular “ketaylik, kun issiq”, deya nolishga tushishdi va shaxtada ishlayotganlarni ko‘rib hayratlanishdi. “Senlar endigina kelib, “charchadim”, deyapsanlar. Ishchilar shu yerda ovqatlanadi, qora terga botib, oilasini boqadi, sharoitingni qadriga yetgin”, deya tanbeh berdim. Bu bilan aktyorlarning ishi oson demoqchimasman. Kino “olami"ga kirishni istaganlar mahoratini ko‘rsatib, tomoshabinga ma’naviy ozuqa bermoqchimi yo mashhurlik uchun? Nazarimda, hammasi “voy, falonchi”, degan e’tirofdan mast bo‘lishni istashadi.

— Eng asosiysi yodingizdan chiqdi. Bugun rejissyor va aktyorlar “qancha pul topaman?” degan dardda. Nahot, bu holatlarga chek qo‘yishning iloji yo‘q?!

— Juda katta muammo haqida gapirdingiz. Haqiqatda, kinochilar san’atni tadbirkorlikka almashtirib qo‘ydi. Rahbariyatga milliy kinematografiyani rivojlantirish bo‘yicha beshta muammoli yo‘nalishlarda takliflar ishlab chiqib, aniq rejalar berdik va tez orada o‘n besh yildan buyon birorta kinoga doir hujjat qabul qilinmagan “O‘zbekkino”da katta yangiliklar kutilyapti.

— “Tadbirkorlarning yo‘lini to‘sayapti”, degan vaj bilan xususiy filmlar katta ekranga chiqish huquqini olyapti. Kino san’ati qachondan tadbirkorlik bo‘lib qoldi?

— Kino — ham san’at, ham sanoat. Filmlar tomoshabin onggi, dunyoqarashiga bevosita daxl qiladi. Shu bois kino san’atining tadbirkorlikka aylanishiga qarshiman! Hozir hamma prodyuser. O‘zi pul tikadi, rejissyorlik qiladi, rol ham o‘ynaydi. Dunyo tajribasidan kelib chiqsak, prodyuser professional darajada ishlaydigan kino ustalari ishiga pul tikadi. Maqsad talabga javob beradigan film ishlash va shu orqali mo‘may daromad olish. Biznikilar bir so‘m tikib, ikki so‘m ishlash dardida. “O‘zbekkino” Milliy agentligi davlat siyosatiga aloqador tashkilot sifatida hamma kinoga javobgar. Xususiy filmga o‘gay deb qarash mutlaqo noto‘g‘ri! Lisenziya bitimida uchta shart qayd etilgan: pornografiya, davlat siyosatiga qarshi va ekstremizmga undovchi lavhalar bo‘lmasligi kerak. Kechirasiz-u, shu uchta shart bajarilibdi, deb duch kelgan film namoyishiga ruxsat berilaversa, kino qay holatga kelib qoladi? Bir qator xususiy filmlarda bir do‘st ikkinchisini chuv tushiradi-da, eng oxirgi kadrda “do‘stim, ablahlik qildim, kechir”, desa, “aybingni tan olding-ku, shuni o‘zi yetadi”, deya yana avvalgidek do‘stlashib oladi. Rejissyorlar “biroz ablah bo‘lsang, yengiltabiat bo‘lsang, hech nima qilmaydi”, degan fikrni olg‘a surib qo‘yyapti. Buni o‘zi sezmagan holda qilayotganiga ishongim kelyapti. Bizning jamiyatga yot bo‘lgan tushunchalar, bora-bora “radikal”, so‘ng “standart”ga aylanishi mumkin va “kel, hayotga tatbiq qilib ko‘raylikchi”, degan fikr uyg‘onadi. Eng yomoni — yot tushuncha oddiy hol bo‘lib qoladi.

— Yana bir salbiy jihati — shunday g‘oyani ilgari suruvchi filmlar katta ekranlargacha yetib boryapti...

— Ha, chunki ishlab chiqaruvchi studiya istalgan kinoteatr bilan shartnoma tuzib, filmini namoyish qilish huquqiga ega. Yarim yil ilgari “plagiat”likka qo‘l urgan rejissyorning “Daydi” filmi namoyishini to‘xtatgandik. Hozirgacha ustimdan tegishli idoralarga shikoyat xati bilan murojaat qiladi.

— Lekin hech qaeri o‘zgartirilmay katta ekranga chiqarildi...

— To‘g‘ri. Shikoyat bo‘yicha meni chaqirib, “tadbirkorlarni yo‘lini to‘syapsiz, qonunni buzyapsiz”, deyishdi. “Qonunni buzsam ham “O‘zbekkino” Milliy agentligi tasarrufiga kiruvchi Alisher Navoiy nomidagi kinotearda namoyish qilinishiga ruxsat bermayman!” dedim va natijaga erishdim. Bir kun oldin film taqdimotini ham to‘xtatdik. Bu bilan qonunni buzganimdan faxrlanmoqchi emasman. Xususiy filmlarni yo‘q qilish uchun emas, saviya­sini oshirish maqsadida yuqorida ta’kidlaganim — kinoga doir hujjatga bu boradagi o‘zgartirishlar kiritish taklifini ham ishlab chiqqanmiz. Nasib bo‘lsa, yangi — kinoga doir hujjat kuchga kirsa, har bitta film ssenariysidan to katta ekranga chiqqungacha bo‘lgan hamma jarayonni nazorat qilinadi. Ya’ni rivojlanish uchun ijodkorga har taraflama imkoniyat yaratamiz. Xususiy film ijodkorlarini tarbiyalaymiz.

— Xususiy kinoni “filtr”dan o‘tkazadigan ijodiy guruh faoliyati noqonuniy, deb topilibdi, nega?

— Tegishli organlar “tabdirkorlik sub’ektlariga to‘sqinlik qilyapti”, degan xulosa bilan ijodiy guruh faoliyatini bekor qildi. Ko‘ryapsizmi, muammo qanchalik chuqur ildiz otgan. Kino, bu — san’at, professionalizm, shu bois undan tadbirkorlik tushunchasini ajratib tashlash kerak. Filmini Alisher Navoiy nomidagi kinoteatrda namoyish qilishga ruxsat olish uchun sanoqsiz “rejissyor”lar keladi. Lekin birortasi kino mohiyati bo‘yicha so‘z ochmaydi. “Qarz olganman, qizimni uzatishim kerak” kabi uzundan uzoq “dardi”ni dasturxon qiladi. Mana bu haqiqiy fojia! Devordagi qon izini ko‘ryapsizmi? Rejissyor Said Muxtorovning filmi namoyishiga ruxsat bermaganim uchun boshini devorga urib, artistlik qildi. “Kamolot yoshlar ijtimoiy harakatining yoshlariga ko‘rsataylik, yoqsa, ruxsat beraman”, desam “ularga yoqmaydi”, dedi. “Bo‘pti, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazidagilar tomosha qilsin”, dedim, rad etdi. Mayli, “O‘zbekkino”dagi yoshlarni chaqiray, desam ham ko‘nmadi. “Unda kimga yoqadi filmingiz?” desam, “Eski shahardagi kampirlarga. O‘ylab qarasam, ular ham bir ko‘rgach, qaytib kelmaydi. Pul ishlatganman, nima qilay?” deydi. Bor-yo‘g‘ini tikayotgan rejissyorlar nega “O‘zbekkino”ga kelib, bamaslahat ish qilmaydi?

— Kinoning tirik afsonalaridan iborat badiiy kengash tuzib, rejissyor, aktyorlarga ham kategoriya belgilab, saviyasiga qarab lisenziya beradigan qilishning iloji bormi?

— Kategoriya masalasida fikringizga qo‘shilaman. Lekin lisenziya masalasida fikrim bo‘lakcha. Kino katta dargoh! Hatto kinosinovga havaskor ham puxta tayyorlanib borishi shart. Shunday ekan, to‘siqni pul bilan qo‘ymaylik. Havaskorlar ichki madaniyati, bilimini tarbiyalasin. Bu borada men shaxslarga ishonaman va “O‘zbekkino” qoshida 2 yillik rejissyorlik oliy kursini tashkil qilmoqchimiz. Bilaman, bu nihoyatda murakkab va og‘ir masala. O‘zbekiston Davlat san’at va madaniyat institutida emas, aynan “O‘zbekkino”da baribir shu niyatimni amalga oshiraman, qarorim qat’iy! Iste’dodlilarni chet ellarga malaka oshirishga yuboramiz. Zero, bu borada hukumat ham bizni qo‘llab-quvvatlayapti. Hozirda elchilar bilan shu borada muzokaralar olib borilyapti.

— Institutdagi ta’lim tizimi haminqadar, demoqchimisiz?

— Oldimga 60 tacha tayyor kadrlar keldi. Birortasi beshta rejissyor va filmlarni sanab berolmadi. Kamiga “ssenariy yozish qiyin emas”, deyishdi. Ular yozgan “ssenariy”larni professional ssenaristlarga ko‘rsatmadim, ularning yuragi tars yorilishidan qo‘rqdim. Ta’limni tizimli tashkil qilish kerak. “O‘zbekfilm”ni kapital ta’mirdan chiqarib, dunyo talab­lariga javob beradigan texnika bilan jihozlayapmiz. Lekin “ularni ishlatishga qaerdan kadr topaman?” degan o‘y tinchlik bermayapti. "O‘zbekkino"ga “to‘yni suratga olishim kerak”, deb haminqadar ishlaydigan, mas’u­liyatsizlar kerakmas.

— Bugun namoyish etilayotgan film­lar darajasi Alisher Navoiy nomidagi kinosaroyning mavqeiga loyiqmi? Bu kinosaroy rejissyorlar uchun orzu darajasida bo‘lishi kerakmasmi?

— Mutlaqo haqsiz! Filmlar namo­yishini to‘xtatishga vakolatim yetmasa, O‘zbekiston Kinoarboblar birlashmasiga murojaat qilyapman. U yerdagi professio­nallar film­ni ko‘rib, qayta ishlanadigan lavhalari haqida tavsiya beradi. Havaskorlar menga “eng ko‘p kassani mening filmim yig‘yapti-ku”, deb iddao qiladi. Ma’naviyatni shu topgan mablag‘iga almashtiryapti-ku! Nega tomoshabinga past nazar bilan qarash kerak? Birortasi kelib, “Saviyali film suratga olishni tinmay talab qilyapsiz, sharoit qilib bering, ustozlardan o‘rganaylik”, deyotgani yo‘q. Ijodkor hech qachon qilgan ishidan ko‘ngli to‘lmasligi kerak, o‘ziga nisbatan tanqidiy ko‘z bilan yondashishi shart. Yosh aktyorlarga “aktyorlik etikasini ishlab chiqinglar”, dedim. Lekin taxmin qilganimdek dom-daraksiz ketishdi. Bilasizmi, “O‘zbekkino” arining uyasidek yoshlarga to‘la, hamma ish bilan band bo‘lishini istayman. Rejissyorlarga Vatan haqida film olinglar, deganimga ham ancha bo‘ldi, natija yo‘q. Shu yil bahorning so‘nggi oylari edi. Xonamda o‘tirsam, derazam ro‘parasidagi mashina yo‘li o‘rtasida uchta yosh yigit gir aylanib yugurib, osmonga narsa otyapti. Bu holat uzoq davom etdi, g‘azablana boshladim. Xodimlarimdan nima bo‘layotganini bilib kelishni so‘radim. Bilsam, qaldirg‘ochning bolasi simyog‘ochga qisilib qolgan ekan. Uchta yigit haqida yomon fikrlaganim uchun o‘zimdan xafa bo‘lib ketdim. Shunday yoshlar bor ekan, hali kelajakdan umid bor. Rejissyorlarga “Mana o‘zbek qanday xalq! Vatan, daxldorlik so‘zlarini ishlatish shart emas. Shu holatni film qilinglar, o‘zbekning bag‘rikengligi, mehrini ko‘rsatinglar”, dedim. Lekin hanuz jimlik...

— Rejissyorlar dangasa bo‘lib qolgan. Masalan, viloyatga borish u yoqda tursin, O‘zbekiston Davlat san’at va madaniyat institutiga borib, yangi iste’dodlarni kashf qilishni ham xayoliga keltirmaydi...

— Rejissyor Umid Hamdamov film boshlagan, kinosinov uchun e’lon berdi. Yangi chehralarni izlaydiganlar bor.

— Istagan rejissyoringizni ayting, doimiy aktyorlar ansamblini sanab beraman!

— (Kuladi) Bu borada ham haqsiz. Yangi chehralarni ekranga olib chiqish uchun yoshlar bilan ishlash kerak.

— “O‘zbekkino” Milliy agentligi O‘zbekiston Davlat san’at va madaniyat instituti bilan hamkorlik qilib, tayyor kadrlarni ish bilan ta’minlash masalasida birgalikda ishlasa bo‘lmaydimi?

— Albatta, hamkorlikni yo‘lga qo‘yish kerak. Lekin bizda “shtat” yo‘q, aslida sanoqli aktyorgina “O‘zbekkino” Milliy agentligi ro‘yxatida. Rejissyor Sayfiddin Meliev yonimga kelganida, “mablag‘ ajratolmayman, xona ajrataman, qo‘limdan kelgani shu”, dedim. Rozi bo‘ldi, “Kinoaktyor teatr studiyasi”ni tashkil qildi, boshida uch kishi ishlayotgandi, hozir aktyorlarining sanog‘ida adashadi, kishi. O‘zbekiston Davlat san’at va madaniyat institutidan ham talabalar kelib ishlayapti.

— Rejissyor Rustam Sa’diev “O‘zbek­kino”ga yaxshi jamoa kerak. Qolaversa, davlat filmlariga ajratilgan mablag‘ 4-5 ta rejissyordan ortmaydi”, degandi. Gapida jon bormi?

— To‘rt yil ichida ikkita, xususan, davlatning 1 mlrd.dan ziyod mab­lag‘iga "Baron" filmini suratga olgan, “O‘z­bek­kino”ga oyda bir keladigan Rustam Sa’diev haqlimikan teleekran orqali bunday iddao qilishga? Qachon ssenariy olib keldi-yu, badiiy kengash tasdiqlamadi? Jamoa yig‘ish, bu — igna bilan quduq qazish-ku! Har bir kadrni chertib-chertib ishga qabul qilaman. “O‘zbekkino”ning poydevorini qurish uchun malakali iqtisodchi va huquqshunos kerak. Rustam nega yoshlar bilan ishlashga kelmaydi?! Xususiy filmlar asoschisi sifatida Rustamni tan olaman. Tanqid ham qilsin, qabul qilaman, lekin o‘rinli bo‘lsin!

— Shahzoda Muhammedovaning O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi Dilorom Omonullayevaga qilgan salbiy munosabatiga mas’ul tashkilotlar panja orasidan qaradi. Jumladan, “O‘zbekkino” Milliy agentligi ham! Undan ham o‘tib tushgani — yaqindagina Yutub kanalida Shahzodaning “ba’zi aktrisalarga o‘xshab xushtorlarim orqali pul topmayman”, degan intervyusi bo‘ldi. Qachongacha jim turmoqchisiz, kino san’ati karvonsaroy emas-ku?!

— Haqsiz, bu masalaga jiddiy yondashmasa bo‘lmaydi chog‘i. Shu kunlarda “O‘zbekkino”ga Dilorom Omonullayeva, Shahzoda Muhammedova va O‘zbekiston Davlat konservatoriyasi professor va talabalari, O‘zbekiston yoshlar ittifoqidan vakillarni chaqirib, ochiq-oydin gaplashib olamiz. Kino nonini yeb, o‘zini “aktrisaman”, deyaptimi, iddaolarini asoslasin. Aktrisalar masalasidagi gapi, bu — o‘zbek kinosiga asossiz tosh otishdan boshqa narsa emas. Taniqli kishi har bir gapirayotgan so‘ziga hushyor bo‘­lib, mas’uliyatni his qilishi shart! Aktrisalar qanday ter to‘kib, sahnaning “changi”ni yutib, oi­lasiga non olib borishini u qaerdan ham bilsin?..

— Kinoning professional vakillari bilan suhbatlashganimda doim dramaturgiya va rejissura oqsaganini gapirishadi...

— Yuqorida so‘z ochganimdek, “O‘zbekkino” qoshida rejissyorlar Zulfiqor Musoqov, Yolqin To‘ychiev, Ayub Shahobiddinov, Shuhrat Mahmudov, Bahodir Odilov, dramaturg Rixsivoy Muhammadjonovning rejissyorlik va ssenariy yozish bo‘yicha ikki yillik kurslarini tashkil qilamiz. Sohasidan qat’i nazar, tanlab olingan 60 ta talabadan 6 tasi qolsa ham, bu — katta ko‘rsatgich.

— Kinematografiyani rivojlantirish markazi ochildi. Unga yuklatilgan vazifalar aslida “O‘zbekkino”niki emasmi?

— “O‘zbekkino” o‘z vazifalarini bajar­yapti, bundan keyin ham shu yo‘nalishda ishlaydi. Xususiy studiyalardan minnatdor bo‘ladigan jihatim — o‘z vaqtida katta ekranlarimizni xorij filmlari to‘liq egallab olishidan asrab qolgan qo‘rg‘on bo‘la oldi. Bundan buyon professionalizmga ishlamasak, tomoshabinni emas, butun boshli yosh avlodni qo‘ldan boy berib qo‘yamiz. Prezidentlik saylovlari vaqtida Belgiyaning faxriy senatori yurtimizga kelganida, “sizlar oila institutini saqlab qolgansizlar. Bizga bu tushuncha mutlaqo yot bo‘lib ketyapti”, deya kuyunib gapirgandi. Aytmoqchimanki, ijodkor zimmasida katta mas’uliyat yotadi, shu ma’noda ulug‘ qadriyatlarimizni saqlash uchun ijodkorlar o‘zini ma’nan tarbiyalasin.

— Mazkur markazda haqiqiy kinoning sabog‘ini egallaganlar o‘tiribdimi?

— (Kuladi) Fikringizga qo‘shilaman, kinoda soha mutaxassislari ishlashi kerak. Ssenariylarini ko‘rsatishdi, “Gollivudcha” yondashuv, deyishdi. Kechirasiz, “Gollivud”, bu — ko‘rsatgich emas! Suratga olgan filmi bilan tomoshabinga qanday ozuqa bera oladi, shu haqda o‘ylashi kerak. “Davlat tashkiloti sifatida kinoning saviyasini ko‘tarish masalasida hamkorlik qilaylik, yoshlar bilan ishlaylik”, degan tashabbus bilan chiqishsa, bajonidil rozi bo‘lardim.

— Alisher Uzoqov, Ulug‘bek Qodirov, Adiz Rajabov, Farrux Soipov o‘z davrida mashhur to‘rtlik bo‘lgan. Nega bunday ketma-ketlik davom etmayapti?

— Ochig‘i, bu haqda hech jiddiy o‘ylab ko‘rmagan ekanman. Bu hozir "ustoz-shogirdlik" an’anasi yo‘qligi bilan bog‘liq hamda bugun aktyor va tomoshabinlarning ham dunyoqarashi bir xil bo‘lib qolgan. Aniqrog‘i, aktyorlar ham faqat “kartoshka, piyoz sotib olishim kerak”, degan fikr bilan band bo‘lib qoldi. Yaqinda ustoz san’atkorlar Po‘lat Saidqosimov va Rixsivoy Muhammadjonov bilan birgalikda aktyorlarni yig‘ib, “uyingizdagilar och qolyaptimi, pul uchun duch kelgan filmlarda o‘ynayapsizlar? Meni xalq taniydi, bunday filmda suratga tushmayman”, deya tajribangizni bo‘lishib, sifat uchun ishlang”, degan fikr bilan o‘rtoqlashmoqchimiz. Bir taniqli rejissyor keldi, “filmingni g‘oyasi zo‘r, nega yuzaki yondashgansan?” desam, “e, bizning tomoshabin...” deya gap boshlagandi, xonadan chiqarib yubordim. Rejissyor tomoshabinni ortidan ergashtirishi kerak, ular qachongacha kinosevarlarni saviyasizlikda ayblashadi? Aksincha, “o‘qimishli bo‘lish urfda”, degan tushunchani tomoshabingga singdiraylik. “Falon kitobni o‘qiganmisan?” deya sherigidan so‘rasa, faxrlanib “albatta!” deb maqtanadigan bo‘lsin odamlarimiz.

— Aktyor Hoshim Arslonov “Ulug‘bek. Osmon toqiga qo‘yilgan narvon” filmining xalqaro kinofestivalda mukofotlanganini aytib, OAVni bu haqda jar solmayotganlikda ayblab, feysbukda asossiz fikr yozdi va izohlarda rejissyor Akbar Bekturdievning “O‘zbekkino” va OAV tepsa-tebranmas bo‘lib qolgan”, degan fikriga ko‘zim tushdi. OAVni kuzatmay turib, qolaversa, “O‘zbekkino” hamkorligisiz ishlangan, hali o‘zbek tomoshabiniga taqdim qilinmagan film haqida noo‘rin aybloviga qanday munosabat bildirasiz?

— “O‘zbekkino” Milliy agentligi film haqida fikr bildirishi mumkin, qachonki, taqdimoti bo‘lsagina. Yaqinda film ijodkorlari o‘zbek tiliga tarjima qilish masalasida yordam so‘rashgandi. Akbarni juda hurmat qilardim, rejissyor sifatida hali ham tan olishim mumkin, lekin inson sifatida... Bir-ikki bor badiiy kengashda o‘zini tutishi hafsalamni pir qildi. Bitta vaj bilan odamni qoralash noto‘g‘ri. Lekin birgina harakat unga nisbatan munosabatingni butunlay o‘zgartirib yuborar ekan. O‘z fikrini bildirish har kimning huquqi. Lekin fikringni to‘g‘ri yetkazolmas ekansan, yaxshisi sukut saqla.

— "Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili" davlat dasturi asosida bitta bo‘lsa ham film ishlandimi?

— Nishonga urdingiz! Xalq bilan muloqot mavzusi aktual va zarur jarayon. Rejissyor Bahodir Odilov Nazar Eshonqulning ssenariysi asosida “Muloqot” filmi ustida ish boshlagan. Hozirda ssenariy qayta ishlanyapti.Nasib bo‘lsa, kelasi yil tomoshabinga taqdim etish rejamiz bor.

Sadoqat ALLABERGANOVA suhbatlashdi



Категория: KINO YANGILIKLARI
Просмотров: 2843 | Рейтинг: 0| Рейтинг: Otabek Musaev, kino
Mavzuga Oid Boshqa Yangiliklar:
Реклама

Всего комментариев: 0
Элатма: Сайт ходимлари ўзларига ёқмаган изоҳларни фаоллаштирмаслик ва огоҳлантирмасдан ўчириш ҳуқуқига эга. Изоҳлар ҳақида тўлиқ маълумот мана бу манзилда (босинг)
Имя *:
Email:
Код *:

Профил

Время: 10:38
Добро Пожаловать, Mexmon

 
Новинка у нас
Самое Популярное
Самое Популярное