Olimlar nega begona joyda uyqu kelmasligini aniqlashdi
Ko‘pchilik yangi joyga borganida uxlashga qiynaladi. Olimlarning fikriga ko‘ra, bu yangi joy xavfsiz emas deb qabul qilinganidan sodir bo‘ladi. Shuning uchun miyaning yarmi hushyorlikni saqlagan holda yengil mudraydi, xolos. Tadqiqot Current Biology jurnalida chop etildi.
Tadqiqot davomida miyani skanerlashning turli uslublari, jumladan, MRT (magnit-rezonansli tomografiya) qo‘llandi. Notanish joyda odamlarning uxlashi qiyin kechishi, miya sharining chap qismi esa odatdagidan ko‘ra yengil uyquga ketishi olimlar e’tiborini tortdi. Bundan tashqari, miya noodatiy ovoz va boshqa tashqi omillarga keskinroq ta’sirlanishi aniqlandi.
“Olingan xulosalar begona joyda uxlash qiyinchiligi noodatiy va xavfli muhitda yashovchanlikni ta’minlash uchun zarurligi to‘g‘risidagi gipotezani tasdiqlaydi. Bu bitta yarim sharning ikkinchisiga nisbatan bedorroqligi hisobiga amalga oshadi. Shuning uchun, uxlayotgan odam notanish tashqi signallarga osongina uyg‘onadi”, - aniqlik kiritdi Braunovskiy universiteti kognitiv lingvistika va psixologiya bo‘yicha mutaxassis, tadqiqotning yetakchi muallifi Yuka Sasaki.
Biroq, tadqiqot mualliflari ta’kidlaganidek, inson miyasi oson moslashadi. Shuning uchun, tez-tez yangi joylarda bo‘ladigan odamlar har doim ham uyqu bilan bog‘liq muammoga duch kelaverishmaydi.