Qatarning "Al-Jaish” klubi Osiyo Futbol Konfederatsiyasiga rasmiy
shikoyat yozib, "Bunyodkor” FKni OChL-2014 musobaqalaridan chetlatishni so‘ragandi.
Gap shundaki, qatarliklar saralash bahslarida "Lokomotiv” safida
to‘p tepgan himoyachi Anvar G‘ofurovni turnirning guruh bosqichida "Bunyodkor” jamoasi
uchun o‘ynayotganini xato deb ko‘rsatishdi. Aynan shu masala yuzasidan bugun OFKning
tartib-intizom qo‘mitasi yig‘ilish o‘tkazdi. Unda "Al-Jaish” e’tirozi o‘rinsiz deb
topildi va "Bunyodkor” musobaqani davom ettirishi ma’lum qilindi, deya xabar bermoqda
Bunyodkor futbol klubi rasmiy sayti.
OFKning "Bunyodkor” FKga yuborgan rasmiy xatida vaziyatga quyidagicha
izoh berdi:
- "Bunyodkor” FK Osiyo Chempionlar ligasida muntazam ravishda
ishtirok etibgina qolmasdan, musobaqaning guruh bosqichini muntazam ravishda muvaffaqiyatli
bosib o‘tayotgan yagona klub hisoblanadi. Qit’amizning yetakchi klubi bu safar ham
o‘z an’anasini davom ettirib, nimchorak finalga yo‘llanma oldi.
Osiyo Futbol Konfederatsiyasining tartib-intizom qo‘mitasi o‘z
majburiyatiga ko‘ra "Al-Jaish” e’tirozini ko‘rib chiqdi. Yig‘ilishda ma’lum bo‘lishicha,
"Bunyodkor” futbol klubi Osiyo Chempionlar ligasi reglamentining 35-E punktiga to‘la
amal qilgan holda, musobaqa uchun hech qanday muammosiz ro‘yxat topshirgan. Futbolchi
Anvar G‘ofurov bir vaqtning o‘zida ikkita jamoada ro‘yxatdan o‘tmaganligi aniqlandi
va "Al-Jaish”ning e’tirozi o‘rinsiz deb topildi.
"Bunyodkor” 1/8 final doirasidagi ilk uchrashuvini o‘z maydonida
Saudiya Arabistonining "Al-Hilol” klubiga qarshi o‘tkazadi. Jamoaning navbatdagi
o‘yinlarida omad va zafarlar tilaymiz"
Qayd etish kerakki, "Bunyodkor” futbol klubi qit’amizning klublar
o‘rtasidagi eng nufuzli turniri – Osiyo Chempionlar ligasida yettinchi bor ishtirok
etmoqda. Klubimizda o‘z ishining ustalari bo‘lgan tajribali mutaxassislar faoliyat
yuritishmoqda. "Bunyodkor” FK tomonidan olib boriladigan har bir ish belgilangan
tartib qoidalarga asoslangan holda yuritiladi.