O‘zgidromet toshkentliklarga ogohlantirish bilan chiqdi
Bugun, 9 fevral kuni poytaxt Toshkentda me’yordan yuqori shamol bo‘lishi kutilmoqda. Bu haqda Gidrometeorologiya xizmati markazi bosh direktori Sherzodxo‘ja Xabibullayev o‘zining Facebook’dagi sahifasida ma’lum qildi.
“Poytaxt avtomobil egalari avtomobillaringizni xavfsiz joylarga qo‘yish tavsiya etiladi. Bugun me’yordan yuqori shamol bo‘lishi kutilmoqda”, deb yozgan u.
O‘zgidromet xabariga ko‘ra, bugun, 9 fevral kuni quyidagicha ob-havo qutilmoqda:
O‘zbekistonda havo o‘zgarib turadi, yomg‘ir yog‘adi, ba’zi joylarda qorga aylanadi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm viloyatlarida yog‘ingarchilik kutilmaydi. Shamol g‘arbdan 7-12 m/s tezlikda esadi, ba’zi joylarda 17-22 m/s gacha kuchayishi mumkin. Harorat 4-9 daraja iliq, shimolda 2-7 daraja sovuq bo‘ladi;
Toshkentda havo bulutli bo‘ladi, vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi, kunning ikkinchi yarmida qorga aylanishi mumkin. Shamol g‘arbdan 5-10 m/s tezlikda esadi, 15-17 m/s gacha kuchayishi mumkin. Harorat kunduzi 5-7 daraja iliq bo‘ladi, kechga tomon 0-2 daraja iliqgacha pasayadi.
Respublikaning tog‘ oldi va tog‘li hududlarida havo o‘zgarib turadi, qor yog‘adi, ba’zi joylarda kuchli bo‘ladi, tuman tushadi. Shamol g‘arbdan 7-12 m/s tezlikda esadi, ba’zi joylarda 17-22 m/s gacha kuchayishi mumkin. Harorat 3 daraja sovuq-2 daraja iliq bo‘ladi.