Joriy yilning 2-4 aprel kunlari kutilayotgan kuchli yog‘ingarchilik sababli respublikaning tog‘ oldi va tog‘li hududlarida sel kelish xavfi mavjud. Bu haqda Gidrometeorologiya xizmati markazi bosh direktori Sherzodxo‘ja Habibullayev ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, shu kunlarda O‘zbekiston bo‘yicha vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi. Navoiy, Samarqand, Qashqadaryo viloyatlarida, tog‘ oldi va tog‘li hududlardagi ba’zi joylarda kuchli bo‘ladi. Respublikaning ayrim hududlarida do‘l yog‘ishi mumkin.
Quyidagi hududlarda yashovchilar sel xavfidan ogohlantirilgan:
Qashqadaryo viloyati — Yakkabog‘, Dehqonobod, Chiroqchi, Kitob, Shahrisabz, Qamashi, G‘uzor tumanlari;
Surxondaryo viloyati — Sariosiyo, Uzun, Oltinsoy, Denov, Boysun, Sherobod, Sho‘rchi, Qumqo‘rg‘on, Muzrabot tumanlari;
Samarqand viloyati — Urgut, Samarqand, Bulung‘ur, Nurobod, Qo‘shrabot, Kattaqo‘rg‘on, Payariq, Jomboy, Ishtixon tumanlari;
Navoiy viloyati — Xatirchi, Navbahor, Nurota, Konimex, Karmana tumanlari;
Jizzax viloyati — Zomin, Baxmal, G‘allaorol, Sharof Rashidov, Forish, Yangiobod tumanlari;
Toshkent viloyati — Ohangaron, Bo‘stonliq, Parkent, Piskent, O‘rta Chirchiq, Yuqori Chirchiq tumanlari va Angren, Olmaliq shaharlari;
Namangan viloyati — Pop, Kosonsoy, Chortoq, Chust, Namangan, Yangiqo‘rg‘on tumanlari;
Farg‘ona viloyati — So‘x, Shohimardon, Farg‘ona, Beshariq tumanlari;
Andijon viloyati — Andijon, Asaka, Jalaquduq, Qo‘rg‘ontepa, Paxtaobod, Izboskan, Xo‘jaobod, Marhamat tumanlari va Xonobod shahri.
“Tog‘ oldi va tog‘li hududlarda istiqomat qiluvchi fuqarolarni, dam oluvchilarni hamda tog‘li hududlarda harakatlanuvchi haydovchilarni ehtiyotkorlik choralarini ko‘rishlarini so‘raymiz”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, 2023 yil 1-7 aprel kunlari Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi Chotqol tizmasining “Chimyon” tog‘lari tabiiy hududi bo‘ylab dengiz sathidan 2000 metr yuqori qismida kutilayotgan yog‘ingarchilik sababli qor ko‘chish xavfi e’lon qilingan.