“O‘zbeknavo” xodimi xonanda litsenziyasini uzaytirish uchun 200 dollar so‘radi
Qo‘shiqchilar o‘z faoliyatini maxsus litsenziyalar asosida olib borayotganliklari ularga yanada samarali ijod qilish mas’uliyatini yuklamoqda. Shunday bo‘lsa-da, xonandalarning faoliyatini litsenziyalashda “O‘zbeknavo” estrada birlashmasining hududlardagi ayrim bo‘limlarida tamagirlik holatlari ham uchrab turibdi, deb yozadi “Huquq” gazetasi.
Xonandalik faoliyatini olib borish uchun olgan dastlabki litsenziyasining muddati tugagan ayol xonanda “O‘zbeknavo” estrada birlashmasining o‘zi ijod qilayotgan hududidagi bo‘limiga murojaat qilib, litsenziyasining muddatini uzaytirib berishlarini so‘raydi. Bundan birlashmaning bo‘lim boshlig‘i o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanib qolmoqchi bo‘ladi. U xonandaga 200 AQSh dollari bersa, yangi litsenziya rasmiylashtirib berishini aytadi.
Bo‘lim boshlig‘ining talabi qonunga zid bo‘lib, jinoyat ekanligini tushungan xonanda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ariza bilan murojaat qildi. Nafsining yo‘rig‘iga yurib, mansabidan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanmoqchi bo‘lgan bo‘lim boshlig‘i o‘z xizmat xonasida 200 AQSh dollari olayotgan paytda SVOJJDLQK departamentining Shayxontohur tuman bo‘limi xodimlari tomonidan qo‘lga olindi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudi unga nisbatan qilmishiga yarasha jazo tayinlab, hukm chiqardi.