O‘zbekistonlik artistlar Parijda konsert uyushtirishdi
31 oktabr kuni Parijda “Iste’dodlar salyuti” loyihasi doirasida XXIV Xalqaro bolalar va o‘smirlar ijodi festival-ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. “Parij, men seni sevaman!” shiori ostida o‘tgan tadbirda Rossiya, Belgiya, Latviya, Armaniston, Belarus va O‘zbekistondan tashrif buyurgan 150 yosh iste’dod sohibi qatnashdi.
Chiqishlar MPAA Saint Germain sahnasida bo‘lib o‘tdi. O‘zbekistondan borgan Do‘rmondagi 2-sonli bolalar musiqa maktabi hamda Qo‘qondagi 7-sonli bolalar musiqa maktabi o‘quvchilari ko‘rgazmada g‘alabani qo‘lga kiritishdi.
Tagirova Hafiza “Cholg‘u san’ati. Mumtoz. Fortepiano. Solo” nominatsiyasida yoshlar kategoriyasida g‘alaba qozondi. O‘rta yosh kategoriyasida esa Baxtiyorov Shohruh va Dehqonova Madinabonular g‘olib bo‘lishdi. “Cholg‘u san’ati. Xalq ijodi. Doira. Solo” yo‘nalishida o‘rta yosh kategoriyasida Yo‘ldoshev Sherzodbek birinchi o‘rinni egalladi.
Kultura.uz saytining yozishicha, endilikda O‘zbekiston vakillari “Iste’dodlar salyuti” loyihasining VI Superfinalida ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Musobaqa 2015-2016 mavsumi yakunida Sankt-Peterburgda bo‘lib o‘tadi.