O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Qaror matni O‘zA saytida keltirildi.
Hujjatda 2015-yil muborak Ramazon oyining boshlanishi 18-iyun kuniga to‘g‘ri kelishi haqidagi O‘zbekiston musulmonlari idorasining axboroti ma’lumot uchun qabul qilinishi aytiladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga “Nuroniy” jamg‘armasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi va boshqa jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda Ramazon oyini joylarda milliy an’ana va qadriyatlar, urf-odatlarimizga mos va hamohang tarzda o‘tkazish bilan bog‘liq chora-tadbirlarni amalga oshirish yuklatildi.
Ushbu qutlug‘ oyda ehtiyojmand kishilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, oila va mahallalarda mehr-oqibat muhitini mustahkamlash, yoshi ulug‘ insonlarga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, buyuk allomalar, aziz-avliyolarimizning tabarruk qadamjolari va ziyoratgohlarini obodonlashtirish bo‘yicha olib boriladigan tadbirlarni yanada kuchaytirishga alohida ahamiyat beriladi.