O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risidagi qarorni 1-iyun kuni imzoladi. Qaror matni O‘zA tomonidane’lon qilingan.
Hujjatda, O‘zbekiston musulmonlari idorasining axborotiga asoslanib, muborak Ramazon oyining boshlanishi 2016-yilning 6-iyun kuniga to‘g‘ri kelishi ma’lum qilingan.
Qarorda Ramazon oyining jamiyatda mehr-oqibat, o‘zaro ahillik va hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlash, o‘zbek xalqiga mansub olijanob fazilatlarni, diniy-ma’rifiy qadriyatlarni asrab-avaylash va ulug‘lashdagi alohida o‘rni va ahamiyati alohida qayd etib o‘tilgan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari “Nuroniy” jamg‘armasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi va boshqa jamoat tashkilotlari bilan birgalikda Ramazon oyini joylarda milliy an’ana va qadriyatlar, urf-odatlarga mos va uyg‘un tarzda o‘tkazish bilan bog‘liq chora-tadbirlarni amalga oshirish haqida ko‘rsatma berilgan.
Ramazon oyida ehtiyojmand kishilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, oilalar va mahallalarda mehr-oqibat va o‘zaro hurmat muhitini mustahkamlash, muqaddas ziyoratgohlarni obodonlashtirish bo‘yicha tadbirlarni yanada kuchaytirishga alohida ahamiyat beriladi.