O‘zbekiston Respublikasida kripto-birjalar faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi prezident qarori qabul qilindi, deb xabar qildi “Huquqiy axborot” kanali.
Qarorga muvofiq, kripto-birjalar va kripto-aktivlar aylanmasi bo‘yicha faoliyatga qimmatli qog‘ozlar, birja va birjalar faoliyatiga oid qonunchilik tatbiq etilmaydi.
Kripto-birjalar faoliyatini amalga oshirish uchun lisenziyalar O‘zbekiston hududida sho‘’ba yoki boshqa turdagi tashkilotlarini ochish asosida faqatgina chet el yuridik shaxslariga beriladi.
Bunda ularning kripto-aktivlar aylanmasi bilan bog‘liq valyuta operatsiyalariga nisbatan valyutani tartibga solish haqidagi qonunchilikning normalariga tatbiq etilmaydi.
Jismoniy va yuridik shaxslarning kripto-aktivlar aylanmasi bilan bog‘liq operatsiyalari soliqqa tortish ob’ekt hisoblanmaydi, ulardan olingan daromad esa soliq va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha soliqqa tortish bazasiga kiritilmaydi.
Shuningdek, kripto-birjalar ko‘rsatgan xizmatlari uchun mukofot, shu jumladan kripto-aktivlar olish hamda ularning mijozlardan undiriladigan miqdorini belgilash, shuningdek kripto-aktivlarni milliy va chet el valyutalari orqali tasarruf etish hamda boshqa kripto-aktivlarga almashtirish uchun O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari va norezidentlari bilan birja kelishuvlarini tashkil qilish huquqiga ega bo‘lishi belgilandi.