O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlarning 7 nafari butunlay sog‘aydi
Koronavirus pandemiyasi dunyo bo‘ylab tahdid solib turgan bir paytda, yurtimizda ushbu infeksiya tarqalishining oldini olish borasida tezkor va qat’iy choralar ko‘rilmoqda. Jumladan, tibbiyot xodimlari koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarimiz sog‘ayib ketishlari uchun bor mahoratlarini ishga solgan holda kurashmoqdalar. Quvonarli jihati, fidoyi va vatanparvar shifokorlarimiz sa’y-harakati tufayli yurtimizda koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarimizningdastlabki 7 nafari butunlay sog‘aydi. Ular Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov va boshqa mas’ullar tomonidan Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya tibbiyot markaziga kuzatib qo‘yildi. Kasallikdan xalos bo‘lgan fuqarolarimiz ma’lum muddat shu yerda karantinda bo‘lishadi. Ma’lumki, davlatimiz rahbari tibbiyot xodimlari oldiga koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarning hayotini saqlab qolishni asosiy vazifalardan biri sifatida qo‘ygan edilar. Ushbu da’vatdan ruhlanib, bor tajriba va mahoratlarini ishga solishgan shifokorlarimiz fidoyiligi bir guruh bemorlarimizning sog‘ayishini ta’minladi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Xastalikdan forig‘ bo‘lgan bemorlarimizning ham quvonchi cheksiz. Ular Prezidentimizga, fidoyi shifokorlarimiz, shuningdek, koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashda yordam berayotgan barcha insonlarga chuqur minnatdorlik bildirishmoqda, duo qilishmoqda. Ushbu quvonch ko‘z yoshlari ayni paytda infeksiya tarqalib ketishining oldini olishda kecha-yu kunduz tinmay mehnat qilayotgan barcha insonlar faoliyatiga munosib baho, munosib ehtiromdir. Eng muhimi, so‘nggi yillarda sog‘liqni saqlash sohasi rivojiga bevosita Prezidentimiz tashabbusi bilan alohida e’tibor qaratilgani koronavirus balosiga qarshi samarali kurashish uchun zamin yaratdi. Endilikda esa yurtimizning barcha hududlarida maxsus shifoxonalarning jadallik bilan qurilayotgani, zarur tibbiy uskunalar, jumladan, 300 mingta ekspress-test hamda 500 ta sun’iy nafas oldirish apparatlarini xarid qilish choralarining ko‘rilayotgani shifokorlarimiz faoliyati samaradorligini yanada oshirishi shubhasiz. Bu esa ayni paytda koronavirus infeksiyasi bilan xastalangan bemorlarimizning sog‘ayib ketishlarida muhim ahamiyatga ega. Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish bo‘yicha Prezidentimiz rahbarligida barcha resurslar ishga solinib, zarur va qat’iy choralar amalga oshirilayotgan bir paytda fuqarolarimiz ham ushbu jarayonga mas’uliyat bilan qarashlarini, xastalik alomatlari sezilganda, yashirmasdan zudlik bilan shifokorlarga murojaat qilishlarini so‘rab qolamiz. Bu bilan nafaqat koronavirus infeksiyasining dahshatli oqibatlaridan o‘z sog‘lingizni himoya qilasiz, balki oilangiz, yaqinlaringiz va butun jamiyat uchun ham yaxshilik qilgan bo‘lasiz. Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi.