O‘zbekistonda “911” xizmatiga o‘xshash tizim ishga tushiriladi
2019 yilning 1 sentyabridan boshlab O‘zbekistonda Muvofiqlashtiruvchi-dispetcherlik xizmati o‘z faoliyatini boshlaydi. Bu haqda Respublika tez tibbiy yordam ilmiy markazi va uning hududiy filiallarining Muvofiqlashtiruvchi-dispetcherlik xizmati faoliyatini tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlari dasturida ma’lumotlar keltirib o‘tilgan.
Hujjatga ko‘ra, Muvofiqlashtiruvchi-dispetcherlik xizmati vazifalari quyidagilardan iborat:
- tez yordam xizmatining sifati, tezkorligi va hammaga maqbulligini yanada oshirish;
- mamlakat bo‘ylab tez yordam murojaatlarini avtomatik qayta ishlash va markazlashtirilgan holda qabul qilish;
- tez yordam brigadalarini tezkor boshqarish va faoliyatini muvofiqlashtirish;
- IIV, FVV va “O‘ztransgaz” AJ tezkor xizmatlari faoliyatini muvofiqlashtirish;
- tez yordam xizmati faoliyati bo‘yicha tezkor va statistik ma’lumotlarni shakllantirish.
2018 yilning oxiriga qadar Muvofiqlashtiruvchi-dispetcherlik xizmatiga yaratilayotgan Milliy geografik axborot tizimidan foydalanish imkoniyati berilishi zarur.
Dasturni hayotga joriy etishda davlat maqsadli jamg‘armalari hisobidan 15 milliard so‘m va Xalqaro institutlar va grantlar hisobidan 17 million AQSh dollari miqdorida mablag‘ ajratiladi.