Iqtisodiyot va tinchlik instituti (The Institute for Economics and Peace) jahondagi terrorchilik harakatlari faolligi tadqiqiga bag‘ishlangan “Terrorchilikning 2015-yilgi global reytingi”ni chop etdi. To‘liq hisobot (pdf) bilan tashkilot saytida tanishish mumkin.
Reytingda O‘zbekiston so‘nggi, 124-o‘rinni 39 mamlakat, xususan, Kuba, Shimoliy Koreya, Vyetnam, Lesoto, Mo‘g‘uliston, Turkmaniston, Qatar, Ummon, Janubiy Koreya, Singapur, Yaponiya, Latviya, Litva, Finlyandiya kabi davlatlar bilan bo‘lishib, terrorchilik xavfi yo‘q bo‘lgan jahonning eng xavfsiz mamlakatlaridan biri sifatida tan olindi.
Markaziy Osiyoning qolgan mamlakatlari, xususan, Tojikiston (84-o‘rin), Qozog‘iston (83) va Qirg‘iziston (86) “terrorchilik xavfi nisbatan past” bo‘lgan davlatlar qatoridan o‘rin olgan. Xitoy 22-, Rossiya 23-, Turkiya 27-, Buyuk Britaniya 28-, AQSh esa 35-o‘rinda joylashgan.
Hisobotda keltirilgan ma’lumotlar bo‘yicha, 2014-yilda terrorchilik harakatlari oqibatida qurbon bo‘lganlar soni 2013-yilgi global ko‘rsatkichga nisbatan 80 foizga ko‘paygan. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2014-yili terrorchilik hujumlari oqibatida 32 658 kishi halok bo‘lgan.
Terrorchilik harakatlarining eng yuqori faolligi besh mamlakat — Iroq, Nigeriya, Afg‘oniston, Pokiston va Suriyada kuzatilgan. 2014-yilgi teraktlar qurbonlarining 78 foizi aynan mana shu mamlakatlarda halok bo‘lgan. Mazkur davlatlar reytingda ham peshqadam.
Birinchi o‘nlikdan, shuningdek, Hindiston, Yaman, Somali, Liviya va Tailand o‘rin olgan, Ukraina 12-o‘rinni egallagan. Umuman, 2014-yil davomida 67 mamlakatda odamlarning halok bo‘lishi bilan bog‘liq teraktlar yuz bergan.
Reyting mualliflarining konservativ hisob-kitoblarga ko‘ra, “terrorchilik faoliyati yetkazgan iqtisodiy zarar ko‘lami 2014-yilda o‘zining eng yuqori ko‘rsatkichiga yetib, 52,9 milliard dollarni tashkil etgan”.
Tadqiqotda qayd etilishicha, terrorchilik harakatlarining faolligiga ikki omil — davlat tomonidan siyosiy zo‘ravonlik va to‘laqonli qurolli nizo sabab bo‘ladi. Hisobotda qayd etilishicha, so‘nggi 25 yil davomida yuz bergan teraktlarning 92 foizi birinchi omil, 88 foizi esa ikkinchi omil talablariga javob bergan.
|