Hamma san’atkorlar oilasiga ham havas qilib bo‘lmaydi. Qay biri erlar ro‘yxatini boyitish bilan ovora, qay biri xotin ustiga xotin olish bilan... Qay birida necha yillarki tushunmovchilik sabab, er-xotinning o‘zaro hurmati qurigan yantoqqa o‘xshab qolgan. To‘g‘ri, shaxsiy hayot har kimning o‘ziniki! Har kim boshiga yoqqan qorni o‘zi kuraydi. Biroq, haqiqiy baxtga to‘la yulduzli oilalar ham topiladi. Mana, Xoliqovlar oilasi. Bugungi yoshlarga o‘rnak bo‘ladigan oila. Rashid Xoliqov qachon qaramang, albatta oilasi uchun eng ko‘p vaqt ajratadigan san’atkor. Hammasini risoladagidek rejalashtirgani uchunmi, u bugun eng baxtli ota, eng sadoqatli turmush o‘rtoq, xullas, namunali oila boshlig‘i.
Bugun Rashid Xoliqov bilan suhbatlashdik. Xonanda oilasi bilan birgalikda qor libosini kiygan tog‘ yonbag‘rida eng so‘lim villada dam olayotganini aytdi. Uning oila borasidagi bir xulosasi juda o‘rinli bo‘ldi:
-Bu hayotda Allohdan eng muhim narsalarni so‘rash lozim ekan. Men buni endi aniq bilaman! Oila tinchligi, farzandlarning baxtu kamoli va o‘z sog‘lig‘ing! Qolgani ikkinchi planda!”
Rashid Xoliqov yana shunday san’atkorlar toifasiga kiradiki, uning madaniyati, xulqi va oilasi haqida biron marta negativ fikr quloqqa chalinmagan!
Shunday oilaparvar insonlar ko‘paysin! Oila baxtini to‘kis qila olgan odamni Yaratgan ham siylagani rost bo‘lsa kerak!