O‘zbek qizlarini fohishalik uchun Turkiyaga yuborayotgan ayollarning rejasi amalga oshmadi
Avvalroq, “Toshkent” xalqaro aeroportida huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari tomonidan Turkiyada fohishalik bilan shug‘ullanish uchun ketayotgan ayollar qo‘lga olingani haqida xabar bergan edik.
O‘zbekiston Respublikasi IIV Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bosh boshqarmasi Odam savdosi va noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish boshqarmasi ushbu holat yuzasidan rasmiy ma’lumot berdi. Unga ko‘ra, shu yilning 2 iyun kuni Namangan viloyati Ichki ishlar boshqarmasi xodimlari bilan o‘tkazilgan tezkor tadbir natijasida, noqonuniy ravishda Qozog‘iston Respublikasining Olmaota shahri orqali Turkiyaga yuborilmoqchi bo‘lgan ayollar guruhi to‘xtatib qolingan.
Yuborilayotgan 5 nafar ayollarni Turkiyaning Istanbul shahrida Munira (ismi o‘zgartirilgan) ismli ayol kutib olishi kerak bo‘lgan. Chunki, Munira Namangan viloyatida yashovchi singlisi va uning tanishiga xuddi o‘zi kabi ishlashga rozi bo‘lgan qizlarni topib, yuborish taklifini bildirgan. Ular qizlarni topib, chet davlatiga ketishga ko‘ndiradilar.
Turkiyada uy ishlari va boshqa yumushlar bilan shug‘ullanishga rozi bo‘lgan qizlar, aslida u yerda fohishalik qilishini eshitib, ketish fikridan qaytadilar. Biroq, ularga bu taklifni bergan ayol “Sizlarning har biringiz uchun alohida chipta rasmiylashtirilgan, agar fikringizdan qaytsangiz sarflangan harajatlarni qoplashingizga to‘g‘ri keladi” deya, ortga yo‘l yo‘qligini sabab qilib, ularning fikrlarini o‘zgartiradi.
Tegishli xodimlar tomonidan o‘tkazilgan tadbirda 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan oilali va turmush qurmagan 5 nafar ayol “Toshkent” xalqaro aeroportida to‘xtatib qolinib, ularni jo‘natmoqchi bo‘lgan ikki ayol qo‘lga olinib, ularning faxsh rejasi amalga oshmagan.
Hozirgi kunda holat yuzasidan Namangan viloyati IIB huzuridagi tergov boshqarmasi tomonidan tergovoldi harakatlari olib borilmoqda.