O‘zbekistonda ayollar o‘rtasida oilada nechta farzand ko‘rishni istayotganlari haqida so‘rovnoma o‘tkazildi. Ushbu so‘rovnoma “Oila va xotin-qizlar” ilmiy tadqiqot instituti tomonidan o‘tkazilgan.
Qayd etilishicha, so‘rovnomalar joriy yilning 8 avgustdan 15 sentyabrga qadar barcha hududlarda, 15 ta shahar, 33 ta tuman va 204 ta mahallada o‘tkazilgan.
Olib borilgan tadqiqotga ko‘ra, O‘zbekistondagi ayollarning 47,3 foizi 4 nafar, 38,6 foizi 3 nafar farzandli bo‘lishni rejalashtirishgan.
Shuningdek, har yettinchi xotin-qizlar (15,3 foizi) 2 nafar farzand bitta oila uchun yetarli deb hisoblagan. Ushbu javob ko‘proq oliy ma’lumotli ayollarda kuzatilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, xotin-qizlarning 64,4 foizi homiladorlikdan saqlanish to‘g‘risida yetarli darajada, 13,1 foizi qisman xabardor, 22,5 foizi umuman ma’lumotga ega emas.
Bundan tashqari har o‘ninchi holatda (9,3 foizda) kuzatilgan istalmagan homiladorlik himoyalanish vositalari taqchilligi tufayli yuzaga kelishi aniqlangan.