Samarqandda 26 yoshli ayol qaynonasi bilan kelishmovchilik tufayli o‘zi va 3 nafar voyaga yetmagan farzandini Darg‘om kanaliga tashladi. Oqibatda, ayolning 2 nafar farzandi vafot etdi. Bu haqda joriy yilning 18 noyabr kuni Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasining matbuot xizmati xabar berdi.
Joriy yilning 3 noyabr kuni Samarqand tumani Jarqishloq mahallasida yashovchi 1996 yilda tug‘ilgan ayol qaynonasi bilan o‘rtasida kelib chiqqan oilaviy nizo tufayli, jahl ustida o‘zi va 3 nafar voyaga yetmagan farzandini Yangiariq mahallasi hududidan oqib o‘tuvchi Darg‘om kanaliga tashlagan. Mahallaning “Oq Amur” nomli oshxonasida ishlaydigan fuqarolar tomonidan ayol va uning farzandlari suvdan olib chiqilgan.
Afsuski, ayolning 2 nafar farzandi vafot etgan. O‘zi va yana bir bolasi tuman markaziy shifoxonasiga yetkazilgan va shifoxonaning jonlashtirish bo‘limiga yotqizilgan.
Ma’lum qilinishicha, hozirda holat yuzasidan Samarqand tuman prokuraturasi tomonidan tegovga qadar tekshiruv ishlari boshlangan.