"Bor-yo‘g‘i bir martagina shu ishga jazm qilgandim. Shu bir martadayoq qo‘lga tushdim. Ichki ishlar idoralari xodimlari mijozni qabul qilayotganimda qo‘lga olishdi. Ming bora pushaymonman…".
Ayol ko‘zida yosh bilan boshidan o‘tganlarini hikoya qilib bera boshladi. Ikki nafar voyaga yetmagan farzandi borligini, Rossiyada ishlab, Juma shahridan uy olganini, bu yerga kelgach, ish topolmaganini, bolalarini bir o‘zi voyaga yetkazayotgani, bor-yo‘g‘i bir martagina qo‘shmachilik bilan shug‘ullanishiga to‘g‘ri kelganini aytdi.
Ammo ayol istiqomat qiladigan mahallaning xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash bo‘yicha mutaxassisi boshqacha fikrlarni aytdi.
"Bir necha bor ogohlantirishimizga qaramay, ayol shu ishini davom ettirdi. U tibbiyot kollejining hamshiralik yo‘nalishini tugatgan, ammo diplomi bo‘yicha ish topa olmadi. Sababi, o‘tgan yillar davomida Rossiyada mehnat qilgan, endilikda yana o‘zi ishlagan joyda ishlashi uchun qayta malaka oshirishi lozim".
Ayol o‘zi aytganiday bir marta shu bilan shug‘ullanganmi yoki mahalla faolining gapiga ko‘ra, bir necha marta uyida "qo‘noq" qabul qilganmi, bunisi bizga qorong‘u, debyozmoqda "Zarafshon" nashri. Ammo uning ishi sudga oshirildi. Ayni paytda ayolga Past Darg‘om tuman hokimligi tomonidan tegishli yordam ko‘rsatilayotir.
Xususan, u tuman tibbiyot birlashmasida ishlashi uchun qayta o‘qitishga jo‘natilib, farzandini bog‘chaga joylashtirish masalalariga ko‘mak berilmoqda.