Nilufar Usmonovaning istanbulda ikki kunlik konsert dasturi bo‘lib o‘tdi
Estradamizning eng yorqin namoyondalaridan biri, hofiza onasining munosib izdoshi, san’at olamida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan Nilufar Usmonova, Turkiyalik muxlislarini hushnud etdi. Bu haqda popcorn.uz xabar beradi.
O‘zbek qizining san’atiga bo‘lgan hurmat va e’tibordan, qardosh millatlar orasidagi do‘stlik rishtalari yanada mustahkamlashganining yaqqol namunasi, deyishimiz mumkin.
31 yanvar hamda 1 fevral kunlari Istanbul shahrida bo‘lib o‘tgan konsert dasturida Nilufar Usmonova o‘zining yangi qo‘shiqlari bilan birga, repertuaridan joy olgan eng sara va xit taronalarini armug‘on etdi.
Ikki kunlik konsertning birinchisi shaharning Osiyoga, ikkinchi kuni esa Yevropaga tutash tomonlarida bo‘lib o‘tdi. Har bir dasturga 450 ta tomoshabin tashrif buyurishi rejalashtirilgandi, ammo muxlislar soni shu darajada ko‘payib kettiki, mingga yaqin tomoshabinlarning anchasi tik oyoqda dasturdan bahramand bo‘lishdi, yana bir qanchasi sevimli xonandasining qo‘shiqlarini tashqaridan turib tinglashdi.
Kutilmagan darajada anshlag tarzda kechgan konsert dasturidan nafaqat muxlislar, balki Nilufarning o‘zi ham olam-olam zavq oldi. To‘liq jonli tarzda o‘tgan dasturda Nilufar, ozarbayjonlik iste’dodli, endi ko‘zga ko‘rinib kelayotgan yosh xonanda bilan birgalikda Yulduz Usmonovaning “Yolg‘on” nomli qo‘shig‘ini kuyladi. O‘zbek shou-biznes olamida ijod qilayotgan yosh xonandalar orasida Turkiya davlatida hali hech kim bu darajada muvafaqiyatli ravishda konsert namoyish etmagandi. Bu esa tinimsiz mehnat, professional ijodga yondashuv hamda muxlislarga bo‘lgan muhabbatning samarasi, deyishimiz mumkin.