Iste’dodli xonanda, Zokirovlar oilasining eng yorqin vakillaridan biri Nargiz Zokirova salomatligi kutilmaganda yomonlashgani bois Rossiyaning bir nechta shaharlaridagi konsertlarini bekor qildi. Bu haqda u o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida ma’lum qilgan.
“Birinchi navbatda, men muxlislardan uzr so‘rayman. To‘satdan salomatligim yomonlashgani bois Vladimirdagi konsertim bekor qilinadi. Albatta, sotib olingan biletlar qaytariladi. Men bunday vaziyat kelib chiqqanidan judayam afsusdaman, lekin inson salomatligida kutilmagan kasalliklar uchrab turadi va men ham bundan mustasno emasman.
Men, albatta, sizlar uchun yana qaytaman. Sizlardan tezroq tiklanishimni tilashingizni iltimos qilaman. Men sizlarni judayam yaxshi ko‘raman va uzoq kuttirmasdan sizlar bilan yana ajoyib tadbirlarni davom ettiraman, deb umid qilaman”, deb yozadi Nargiz.
Ta’kidlash kerakki, xonanda qanday kasallik bilan og‘rib qolgani yoki buning qanchalik jiddiyligi haqida hech narsa demagan.
Shuningdek, Nargiz Zokirova Rossiyaning Oryol, Kursk, Voronej va Belgoroddagi konsertlari bir oy muddatga kechiktirilishini ma’lum qilgan.
Ma’lumot o‘rnida, xonanda 1970 yil 6 oktyabrda Toshkentda tug‘ilgan. Hozirda Rossiya poytaxti Moskva shahrida istiqomat qiladi.