Namanganda qariyb 4 ming dollar miqdoridagi qalbaki banknotalar to‘xtatib qolindi
Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumanida qalbaki dollar kupyuralari muomalaga kiritilishining oldi olindi. Bu haqda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar qildi.
Qayd etilishicha, Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Yangiqo‘rg‘on tuman bo‘limi tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda fuqaro R.X. Yangiqo‘rg‘on shaharchasida boshqa bir fuqaroga jami 39 dona 100 dollarlik qalbaki kupyuralarni 16,3 million so‘mga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 176-moddasi (qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qog‘ozlar yasash, ularni o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.