MTS-arizasini Toshkent shahar xo‘jalik sudi qabul qildi
Toshkent shahar
xo‘jalik sudi "O‘zdunrobita" XK MChJ ning moliyaviy majburiyatlarni
qondira olmasligi yuzasidan bergan bankrotlik to‘g‘risidagi arizasini ko‘rib
chiqish uchun qabul qildi.
Bu haqda "RIA
Novosti"ga tayangan Rossiya huquq va sud ishi axboroti agentligi xabar
tarqatgan.
Manbaning xabar
berishicha endilikda kompaniyada kuzatuv ishlari olib boriladi va vaqtinchalik
boshqaruv tayinlanadi. Bir oy ichida qarzlar reestri tuzilib, kreditorlar
yig‘ilishi o‘tkaziladi va unda bankrotlik masalasi xal qilinadi.
Amaldagi
qonunchilikka muvofiq, bankrotlik ishi xo‘jalik sudi tomonidan shu mazmundagi
ariza qabul qilingan kundan boshlab 3 oy muddatda ko‘rib chiqiladi. Ba’zi
istisno holatlarda ish ikki oyda ham tugatilishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, 2013 yil 16 yanvar kuni «O‘zdunrobita» XK MChJ Toshkent shahar
xo‘jalik sudiga bankrotlik to‘g‘risida ariza bergan edi. Bunga
«O‘zdunrobita» MChJning Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudining
2012 yil 17 sentyabrda chiqargan hukmi va sudning Apellyatsiya
kengashi tomonidan 2012 yil 8 noyabrda belgilangan majburiyatlarni, ya’ni 600
mln. dollar miqdoridagi jarimani to‘lashga qodir emasligi sabab bo‘lgan.