Moody’s: Rossiya iqtisodiyotidagi qora kunlar hali oldinda
Rossiya markaziy bankida iyul oyida asosiy foiz stavkasi 50 bazaviy punktga kamaytirilganidan so‘ng rublning qadrsizlanishiga sabab bo‘luvchi inflyatsion xavflar tufayli pul-kredit siyosatini yumshatish uchun kam imkoniyatlar qolmoqda.
Moody’s Investors Service mutaxassislari hisobicha, so‘nggi oylarda Rossiya iqtisodining asosini tashkil etuvchi neft narxi qaytadan pasaya boshlangani rublning qadrsizlanishiga olib keladi va mamlakatda inqiroz kuchayib, 2016 yilda ham bu jarayon davom etadi.
Mazkur haftada e’lon qilingan Rossiya YaIM ko‘rsatkichlarida II chorakda pasayish sur’ati o‘tgan chorakka nisbatan ikki barobarga ortib, 2,2 foizdan 4,6 foizga yetgan. Ikki chorak yakuniga ko‘ra, Rossiya iqtisodidagi pasayish mamlakat rasman inqiroz holatida ekanini ko‘rsatadi. Moody’s tahlilchilarining yozishicha, birinchi yarim yillikda inflyatsiyaning jadallashuv fonidagi kompaniyalarga kapital qo‘yilmalarning kamayishi shaxsiy iste’mol hamda investisiyalar katta xavf ostida qolganinidan dalolat beradi. Neft narxi pasayishda davom etsa, rubl narxi yana 20 foizga tushib ketish ehtimoli mavjud va bu holat inflyatsiyaning yangidan chaqnashiga olib keladi. Natijada daromadlar yanada kamayib, investisiyalarning qulashi kuchayadi, inqiroz chuqurlashadi.
Moody’sning qayd etishicha, Qrimning Rossiyaga qo‘shib olinishi tufayli joriy etilgan sanksiyalar ham mamlakat iqtisodiga katta tahdid solmoqda. Ular Rossiya bank va kompaniyalarining xalqaro kapitalga bo‘lgan yo‘lini bekitmoqda. Xalqaro valyuta jamg‘armasi hisob-kitoblariga ko‘ra, Rossiya tomonidan import mahsulotlariga cheklovlar kiritish ko‘rinishida qo‘llanilayotgan javob choralari ham o‘tgan yili mamlakat real YaIM ko‘rsatkichining 1-1,5 foizga kamayishiga olib keldi va bu holat 2020 yilga qadar saqlanib qoladi.