Lacetti haydovchisi o`z hayoti evaziga piyodaning umrini saqlab qoldi
Toshkent shahri Amir Temur prospekti Teleminora ro`parasida kecha 1 dekabr, payshanba kuni soat taxminan 22.00 – 23.00 da mudhish yo`l-transport hodisasi sodir bo`ldi, deb xabar beradi “nuz.uz” . Mazkur mudhish hodisa 22 yoshli haydovchining hayotiga nuqta qo`ydi.
Ma`lumotlarga ko`ra, avtohalokat yo`lning qatnov qismiga to`satdan chiqib qolgan piyoda sabab sodir bo`lgan. Guvohlarning aytishicha, Lacetti haydovchisi piyodani urib yubormaslik uchun rulni o`ng tomonga burgan va yo`l chetidagi daraxtga borib urilgan. YTH yuz bergan hududga zudlik bilan Toshkent shahar YHXB, FVV xodimlari va tez tibbiy yordam etib kelgan.
Daraxtga borib urilgan Lacetti avtomobili ichida ikki kishi—haydovchi va uning yo`lovchisi bo`lgan. Haydovchi, 22 yoshli TATU talabasi YTH oqibatida halok bo`lgan. Uning yo`lovchisi esa og`ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan.
Ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari aksariyat avtohalokatlar nafaqat haydovchilarning, balki mas`uliyatsiz piyodalar aybi bilan ham sodir bo`layotganini ta`kidlamoqda.