Toshkentda yuz bergan YTHda haydovchi va yo‘lovchi vafot etdi
31 oktabr kuni Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi “Voditeli Tashkenta” guruhi orqali dahshatli avtohalokat oqibati aks etgan fotosuratlar tarqaldi.
Guvohlarning aytishicha, halokat 28 oktabr kuni tongda “Samarqand darvoza” savdo-ko‘ngilochar majmasi oldida yuz bergan.
Ma’lumotlarga qaraganda, yo‘l-transport hodisasi “Gazel” yuk tashuvchi mashinasi va Mercedes-Benz rusumli avtomobillar o‘rtasida sodir bo‘lgan.
Ular bir-biri bilan yon tomondan to‘qnashib ketgan. Fotosuratlarga e’tibor berilsa, “Mercedes” mashinasi umuman tanib bo‘lmas holga kelib, go‘yo temir-tersak chiqindisiga aylangan. Bu holdan mashina tezligi yuqori darajada bo‘lganini taxmin qilish qiyin emas.
Xabarlarga qaraganda, yengil mashinadagi yo‘lovchilar, haydovchi va yana bir qiz voqea joyida halok bo‘lgan.
Hozircha tegishli idoralar tomonidan bu vazyait yuzasidan rasmiy ma’lumot berilmagan. Yuqorida keltirilgan fikrlar esa guvohlarning so‘zlari ekanini ta’kidlab o‘tish lozim