Bu hikoya juda mashhur, ibrat darsi beruvchi bir hikoyadir. Aqlli qizlar onalari va kelin bo‘lguvchi qizlar uchun ibratli hikoya.
Bu hikoya shunday bir qiz haqidagi hikoyaki, uning otasi qabila boshlig‘i, qabiladagi barcha odamlar uning amridadir. Bir rahbar, alloma otaning qizi. Onasi juda aqlli, oqila, hayotni yaxshi bilgan onadir.
Bu qiz shunday bir oila qiziki, boylik, maqom, shuhrat, rutba, mavqe ularda bor. Siz hozir qiziga onasi tarafidan berilgan o‘n o‘gitning hikoyasini o‘qiysiz. Yozish bizdan, o‘qib ibrat darsi olish sizdan, xalqqa ta’sir etish Janobi Haqdandir.
Mashhur rivoyatga ko‘ra, Horisning qizi Asmo kelin bo‘lib kuyov uyiga — xojasining uyiga ketadigan kun onasi Umoma tomonidan shunday nasihat berilgan:
«Bolajonim, sevikli qizim, meni yaxshilab tingla. Nasihat har kimga lozimdur, o‘git hammaga zarurdir. Nasihat bilmaganga o‘rgatadi, bilganni esiga soladi».
«Sevikli qizim! Agar bir qiz ona va otasining kambag‘alligi uchun erga berilishi kerak bo‘lsaydi, sen hech zamon uzatilmagan bo‘larding. Chunki otang juda badavlat, katta shuhrat, maqom va e’tibor soxibidir. Sen shunday bir odam qizisan!
Lekin hayot boshqachadir. Alloh bizlarni yaratgan va biz uchun hayot qonunlarini bergan. Har bir yoshdagi inson Alloh bergan qonunlar chegarasida hayotini o‘tkazadi. Alloh bergan qonunga ko‘ra, hayotga qadam qo‘yadigan vaqti kelganda, har bir qiz bir xojaga, har bir xoja bir ayolga muhtoj bo‘ladi. Erkaklar xotinlar uchun, xotinlar esa erkaklar uchun yaratilgandir. Ya’ni bir xotin bir erkak bilan, bir erkak esa bir xotin bilan do‘st, mahbub va mahbuba bo‘lib oila qurmoqlikka muhtoj shaklda yaratilgandir. Bu Alloh qonunidir. Bu qonunni hech kim buza olmaydi. Bu qiyomatga qadar davom etadi.
Shu sababli sen, qizim, tug‘ilib o‘sgan va voyaga yetgan uyingdan, yayrab-yashnab, o‘ynab yurgan yeringdan chiqib o‘zing bilmaydigan, notanish bir uyga borasan. Shunga qadar o‘zing yaxshi bilmagan inson uyiga, o‘z uying bo‘ladigan uyga borasan.
Ey, mening jigarporam, suyukli qizim, ko‘zimning nuri, bolajonim! Senga shularni aytaman. Sen ul zotga (eringga) shunday xizmat qilki, ul ham senga qul bo‘lsin! Sen unga yer bo‘lki, u senga osmon bo‘lsin! Sen xojang — eringga bir uy bo‘l, ul senga ustun bo‘lsin! Sevikli qizim! Endi sen meni diqqat bilan tingla! Senga ba’zi bir mezonlarni aytib o‘taman. Ularga yaxshi e’tibor bergin. Hech ular yodingdan ko‘tarilmasin, ulardan vaqti kelganda foydalanasan. Bu aytganlarimga amal qilsang ering bilan go‘zal hayot kechirasizlar, mas’ud, baxtiyor va saodatli turmush ko‘rasizlar. Bizlar ham (har ikki oila — bizning ham, eringning oilasi ham) huzur-halovatda baxtiyor bo‘lamiz. Aks holda (ya’ni — aytganlarimga amal qilmasang) ikkala oilada ham huzur-halovat bo‘lmaydi. Sen o‘zing bir jahannamda yashaganday bo‘lasan.
Qizim! Endi senga aytadigan o‘n o‘gitimga quloh sol! Bularni doimo yodingda tut:
1. Qanoat sohibasi bo‘l. O‘z holingga shukr hil. Ya’ni ering uyga nimaiki olib kelsa, u xoh yeydigan, xoh kiyadigan narsa bo‘lsin, xushfe’llik bilan, go‘zal odob bilan qabul qilib ol! Eringga tashakkur aytib xushnudlik ko‘rsat. Zero, baxtli hayot kechirishning bir yo‘li o‘z holiga shukr etmoqlikdir. Holiga shukr etmagan, o‘z nafsini tiymagan kishida ko‘ngil huzuri, qalb rohati bo‘lmaydi!
2. Eringning dinga to‘g‘ri keladigan barcha buyruqlarini ado qil! Ya’ni xojangning dinga uyg‘un bo‘lgan buyruqlarini bajarishda tanbal bo‘lma. Hech qachon unga nisbatan itoatsiz bir harakat bo‘lmasin. Agar shunday bir harakat bo‘lsa, senga kin saqlab oxiri dushman bo‘ladi. U senga dushmanlik yo‘lini tutsa, sen ko‘p zarar ko‘rasan va qo‘lingdan hech narsa kelmaydi.
3. Eringning sirini boshqalarga aytma! Ya’ni eringning ba’zi sirlarini bilgan vaqtingda ehtiyot bo‘lib uni saqla, birovlarga aytib yurma. Agar aytib qo‘ysang, uning g‘azabini keltirib qo‘yasan, ishonchini yo‘qotasan. Bunda tuzayotgan oilangiz buziladi.
4. Eringning qarindoshi va yaqinlariga hurmat ko‘rsat! Ya’ni xojangning qarindoshlari va yahqinlariga hurmat, xojangning e’tiborini qozonmoq demakdir. Ularni hurmat qilish xojani hurmat qilish demakdir. Bu esa qadr va e’tibor qozonishdir.
5. Xojangning moli va ashyosiga juda e’tiborli bo‘l! Ya’ni xojangning mol-dunyosini yaxshi saqla, ashyolarini-avayla, muhofaza qilgin, chunki uning mol-dunyosi senikidir. Erning mol-dunyosini isrof etmaslik, ish bilish va qadriga yetish demakdir.
6. Uyqu vaqtini, uyg‘onish paytini yaxshi bilib ol! Ya’ni, uning qachon uyquga yotish payti bo‘lsa, o‘rnini tayyorlab qo‘y. Zero uyqusizlik insonni xafaxon etadi. Asablari buzuq, xafaxon odamlarning ehtirosi, muhabbatini sekin-sekin so‘ndiradi.
7. Ovqatni vaqtida tayyorla. Ya’ni ovqatlanish vaqtini hech qachon kechiktirma. Ering hachon ovqatlanishga o‘rgangan bo‘lsa, o‘sha paytda ovqatingni tayyorlagin. U kelishi bilan darhol dasturxon sol. Shuni yaxshi bilginki, ochlik insonning tez jahlini keltiradi.
8. Ust-boshingni toza tut. Ering faqat xush bo‘yni sezsin, dimog‘iga yomon hid kelmasin. Chunki yomon hidlar erning ko‘z o‘ngida sening obro‘yingni tushiradi. Sendan irganishiga sabab bo‘ladi. Shuni yaxshi bilgilki, tozalik va zaryflik eng yaxshi narsalardir, inson ko‘ziga hush ko‘rinishlik shular bilandir.
9. Eringning ko‘zi tushadigan joylarga yaxshi e’tibor ber! Ya’ni uyning ichini, tashqarisini nihoyatda toza tut. Shunday qilki, xojangning ko‘ziga bir chirkin yer ko‘rinmasin.
10. Eringga itoat qil, qil degan ishlarini qil, qilma deganini qilma! Ya’ni ering bilan suhbatlashganda, muloqotda bo‘lganda itoatli bo‘lishingni, uning so‘zlarini odob bilan tinglab ado etishingni sening so‘zlashib, quloq solishingdan tushunib oladigan bo‘lsin. Shunda Alloh Taolo sendan xushnud va uyingiz saodat nuridan porloh bo‘ladi.
Shuni yaxshi bilib olginki, xojang xafa bo‘lganda sen nash’ali, xursand bo‘lishdan, u xursand bo‘lganda sen xafa ko‘rinishdan juda ehtiyot bo‘lgin. Chunki uning xafa bo‘lgan paytida sening xursand ko‘rinishing, uning quvonchli bo‘lgan vaqtlarida sening g‘amgin bo‘lishing unga hamdard bo‘lmaslik kabi bir qusurni o‘rtaga tushiradi. Bu esa fahmsiz va tarbiyasi yomon odamlarga munosib ishdir.
Bu sen kabi yuksak bir tarbiya ko‘rgan aqlli va oqila xotinlarga munosib emas. Bolajonim! Eringga qanchalik ko‘p sevgi va hurmat ko‘rsatsang, o‘zing shunchalik muhabbat va hurmatga erishasan. Aytganlarini qanday bajarsang, so‘zlarini tinglasang, shu darajada muhabbat va hurmatga sazovor bo‘lasan. Farzandim! Shuni yaxshi bilginki, bu o‘gitlarimni o‘rniga qo‘yib bajarib, keragichalik amal qilib, o‘zingning shaxsiy istak va orzularingga. erishishing uchun ering ham o‘z istaklariga erishishi kerakdir. Ering — xojangning istaklarini o‘zingning orzu istaklaring deb bilsang, u holda bu o‘gitlarimga amal qilgan bo‘lasan!»
Izoh va o‘git
Ey, oila uyasida Jannat hayotida yashashni istagan xonim qardoshlar va kelinchaklar!
Bu o‘gitlarni (o‘n o‘gitni) qiziga uqtirgan ona ushbu mezonlarni hayoti davomida tajribadan o‘tkazgan va oila uyasini ushbu qoidalar bilan Jannatmakon bo‘lishini qiziga tushuntirgan. Oila, shirin turmush qurish va uni chiroyli idora etish uchun har bir oqila xonimga va turmushga chiquvchi aqlli qizga ushbu o‘gitlar suv va havodek zarurdir.
Qisqasini aytganda bu o‘n o‘git oila qurgan va yoki qurmoqchi bo‘lgan har bir ayolga keraklidir. Qanoat sohibi bo‘lish shirin turmush qurmoqchi bo‘lgan har bir oilaga lozimdir. Erga itoatda bo‘lmoqlik uyida totuv bir hayotda yashashni istagan har bir ayol uchun havo va suvdek zarurdir. Erning ko‘zi tushishi mumkin bo‘lgan yerlarga yaxshi e’tibor berish erni o‘ziga mehr rishtasi ila bog‘lash demakdir, uyga bog‘lash demakdir.
Qanchalab go‘zal chehrali, go‘zal qomatli yosh ayollarni bilasiz-ki, ularni taniysiz-ki, andishasiz yoki tanballiklari uchun erlari tarafidan sevilmaydilar va ardoqlanmaydilar.
Bir kun bir do‘konda o‘tirgan edim. Shu do‘konga bir yosh odam keldi. Do‘konda shunday gap bo‘ldi:
— Ajab xotinini sevmadi. Xotini yosh edi, toza, pokiza, go‘zal edi. Undan go‘zalini bilmayman.
Ul yosh odam gapga qo‘shildi:
— Ota, men nima uchun undan qutuldim? Yuzi go‘zal, o‘zi go‘zal, ammo ayolligi-xotinligi yo‘q edi. Fe’li yomon edi. Tongda uydan chiqib ketardim. Oqshomda uyga qaytib kelganimda uy tongda qanday bo‘lsa shunday turardi. Afv eting, yotoqxonam ham ertalab qanday bo‘lsa, shunday turaverardi.
Yigit yana ancha dardlarini aytdi.
Bu hikoyadagi uchinchi moddani xotirladim. Demak, aqlli bir onaning tarbiyasini olgan qizga uylanmoq kerak. Ayolni tarbiyalamoq kerak. Oilasi yaxshi qizlarga uylanmoq kerak.
Badbo‘y joylarni tozalash erning qalbini o‘ziga rom etmoq demakdir. Xushbo‘y hid kelmaydigan ayol qancha go‘zal bo‘lsa ham odamni jirkantiradi. Oqshomlari erini dog‘ dasturxonlar, yog‘li liboslar bilan kutib olish, aqlli xonimlarga to‘g‘ri kelmaydi.
Ovqatlanish vaqtini, uyqu vaqtini yaxshi bilish zarur. Otalarimiz «jon bo‘g‘izdan chiqadi» deydilar. Rejali oila hayoti jannat hayotidir. Ayol eriga, uning odat va qiziqishlariga bohliqdir. Uning vaqtini tejashi, farog‘atini saqlashi kerak.
Xojasining mol-mulkini saqlash. Erining mol-mulki demak, bolalarining mol-mulki demakdir. Uyda er mulkini tejamaydigan, saqlashni bilmaydigan xotin bul uyning bekasi bo‘lmog‘i dushvordir. Erining mulkini tejash va saqlashni o‘rganish va bu yo‘lda to‘g‘ri, durust harakatda bo‘lish xar bir xotinning baxti uchun zarurdir.
Erning qarindoshlariga hurmat ko‘rsatish. Bu aqlli ayol uchun eng to‘g‘ri yo‘ldir. Ota-bobolarimiz «gulni sevgan tikonini e’zozlaydi» deydilar. Erining qarindoshlariga izzat va hurmat ko‘rsatishni bilmaydigan ayol huzur ichida yashash yo‘llarini bilmaydigan ayoldir. Gul sevilib, tikan sevilmaydimi? Tikonni izzat qilmagan, gul isidan bebahra holadi, Erining qarindoshlari, yaqinlariga hurmat ko‘rsatishni bilmagan aqlsiz ayol xojasining ko‘nglini ololmaydi, xojasining mehrini qozona olmaydi. U erining nafratiga uchraydi, muhabbatini so‘ndiradi. Xojasining ahrabolariga xurmat-izzat ko‘rsatmagan xotin hamma vaqt uning ko‘ziga xunuk ko‘rinadi. Bu to oilaning buzilishigacha davom etadi.
Erning sirini o‘zgalarga oshkor etmaslik. Erining ba’zi sirlarini bilib olib ularni sahlay olmagan, to‘hrisi, xotin deyishga loyiq emasdir. Er sirini qalbini eng tubida tutishni bilgan aqlli xotinlar o‘z oilalarida huzur va rohatda yashaydilar. Erining sirini ichida saqlay olmagan ayol landovur badbaxt xotindir, u er nafratiga uchrab, xunuk ko‘rinadi, oilada baraka bo‘lmaydi. E’timod bo‘lmagan oilada axloq ham bo‘lmaydi. O‘gitning bu moddasi ham shuning uchun har bir ayol uchun zarurdir.
Erining dinga xilof bo‘lmagan barcha amrlarini bajarish. Er so‘ziga quloh solmagan xotinlar jahannamga o‘tin bo‘ladilar. Agar xotindan er mamnun bo‘lsa, u xotin jannatga kiradi degani bo‘ladi. Jannatga kiradigan xotinlar, — er so‘ziga quloq soluvchi, erining dinga uyg‘un amrlarini bajaradigan xotinlardir. Erining yuziga jahl ila tik qarab, so‘ziga quloq solmaydigan xotinlar uchun jahannam doimo bor bo‘lsin. Zotan bunday badbaxt ayollar borligidan oila uyasini jahannamdan farqi bo‘lmaydi. Bunday fe’lli ayollar bilan yashash, bu dunyoda jahannam hayotini o‘tish bilan tengdir. Ota-bobolarimiz: «Erini suymagan xotinni eshigingda tutma», deganlar.
Shuning uchun har bir oqila ona, qizini uzatar ekan yoki bo‘yi yetgan paytidan shunga o‘xshash narsalarni o‘rgatish kerak. Bu uning oqila xotin ekanligidan dalolat beradi.
Yusuf Tovasliyning “Hikmatlar xazinasi” kitobidan
Manba: Maslahatim.uz