Jeki Channing o‘g‘li uch yilga ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin
Xitoy poytaxtidagi Dunchen okrugi jamiyat xavfsizligi boshqarmasi jangari filmlar yulduzi Jeki Channing o‘g‘li Jeysini hibsga olish to‘g‘risida qaror qabul qildi. U giyohvand modda saqlash va iste’mol qilishda gumon qilinmoqda.
Mahalliy OAVlarning xabariga ko‘ra, mashhur aktyorning o‘g‘li uch yilga ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.
32 yoshli Jeysi Chan avgust oyida Pekinda qo‘lga olingandi. Qon analizlari uning organizmida marixuana borligini ko‘rsatgan va uning uyida o‘tkazilgan tintuv ishlari davomida 100 gramm giyohvand modda topilgan. Jeysi 8 yil avval giyohvand moddalarni iste’mol qilishni boshlaganini tan oldi.
Jeki Chan o‘g‘li qilgan ishi uchun ommadan kechirim so‘radi. “Jeysi va shaxsan o‘zimning nomimdan barchadan uzr so‘rayman”,-dedi aktyor.
Ma’lum bo‘lishicha, Jeki Chan 2009 yili Xitoyda giyohvand moddalarga qarshi kurashish elchisi etib tayinlangandi.
ITAR-TASS agentligining qayd qilishicha, ko‘pgina internet foydalanuvchilar aktyorni qo‘llab-quvvatlashgan. Qolganlar esa o‘g‘lining tarbiyasi uchun vaqt ajratmagani uchun uni tanqid qilishgan.