Меню
Поиск
Фотоалбом
Главная » Файлы » SHOU-BIZNES HABARLARI

Jeki Chan: «ekrandagi obrazim – bu men!»


Bundan o‘n yillar avval olti yashar o‘g‘lim jiddiy savol berdi: «Nima uchun mening ismimini Jeki Chan qo‘ymagansizlar?». Endi bilsam, bolamning xayolini o‘g‘irlagan mashhur aktyorni asli ota-onasi Jeki Chan deb atamagan ekan. U mashaqqatli mehnati, boy fantaziyasi va chin aktyorlik iqtidori bilan Jeki Changa aylangan!

200 dollarlik bola

1954 yilning 7 aprel kuni Gonkongda kesarcha kesish yo‘li bilan vazni 5 kilodan oshiq pahlavon dunyoga keldi. Shifokor esa shu arzimas amaliyot uchun 200 dollar pul talab qildi. Kuniga 25 sent topadigan yosh oila uchun bu shunchalik katta mablag‘ ediki, bo‘lajak kinoaktyor, rejissyor, ssenariynavis, murakkab sahnalarning mohir ijrochisining otasi uni 26 dollar evaziga olib qolishni taklif etdi. Ammo shifokor ham anoyilardan emasdi, qarzni bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan chaqaloqni qaytarishlariga rozi bo‘ldi. Bolakayni esa Kong Sang Chan, ya’ni «Gonkongda tug‘ilgan» deya atashdi.

Farzand dunyoga kelib Charlz va Lili Chanlarning oilasiga baraka kira boshladi, oila boshlig‘i Avstraliya elchixonasiga oshpaz bo‘lib ishga kirishga muvaffaq bo‘ldi. Natijada, jajji Chanda maktabda o‘qish imkoniyati tug‘ildi. Ammo semizligi, o‘ziga ishonsizligi bois ikkinchi sinfga o‘tolmadi. Ayni shu paytda Charlzga Avstraliyadagi Amerika elchixonasida 150 dollar maosh evaziga oshpazlikni taklif etishdi. Charlz ko‘p o‘ylab o‘tirmay «bebosh» o‘g‘lini Gonkongdagi Opera maktabiga joyladi. Endi bolakay ota-onasidan butkul yiroqda yashashga majbur edi...

Tarbiya usuli – kaltak va qo‘rquv

Opera maktabi uning taqdirini belgiladi. Kaltak bilan tarbiyalash oddiy hol sanalgan san’at maktabida o‘qishga uncha-muncha bola chidamasdi. O‘quv kuni sahar soat 5 da boshlanar, yarim kechada tugardi. Va bu har kuni davom etardi. Na bayram bor, na dam olish kuni. Mashg‘ulotlar esa raqs, yuz mushaklarini mashq qildirish, aktyorlik mahorati, qo‘l jangi san’ati, xalqona kurash usullari, akrobatika va boshqa shu kabi hunarlarni egallashga qaratilgandi. Eng zo‘r maqtov – shirin so‘z, jazo esa – qamoq. Vazifalarni bajarishga ishtiyoq va hafsalani rag‘batlantirishning esa bittagina usuli – kaltaklash qo‘llanilardi.

– O‘quv jarayoni kaltak va qo‘rquv orqali boshqarilardi, – deb eslaydi o‘sha paytlarni Jeki, – kaltak menga «Sakra», «Ur» deb buyurar, men esa bo‘ysinardim. Esimda, o‘qituvchim «Stoldan sakrab o‘t» deganida «Eplolmayman» deb javob berib qo‘yibman. Yumshoq joyimga kaltak kelib tushganidan keyin shundayin sakradimki, ikkita stoldan xatlab o‘tibman.

Ikki yildan keyin uni otasi ko‘rgani keldi. U o‘g‘lidan bu maktabda o‘qish yoqayaptimi deb so‘raganda, qaysarlikda tengi yo‘q qahramonimiz butun umr shu yerda qolishga tayyor ekanini aytadi. Negaki u kino sehrini tuyib bo‘lgan edi...

Bryus Lining eng zo‘r soyasi

Jeki Chan o‘zining kinodagi birinchi rolini va 12 dollarli gonorarini 8 yoshida oldi. Avval yosh bolalarning rollarini ijro etib yurdi, keyin kaskadyorlikka o‘tdi. Aytishicha 10 yoshiga borib, u 25 ga yaqin filmlarda suratga tushishga ulgurgandi. O‘n yetti yoshida Jeki Opera maktabini tugatib, «Shaw Brothers» studiyasida kaskadyor bo‘lib ishlay boshlaydi. 1971 yili «Siniq barmoqli ustoz» filmida bosh rolni ham ijro etadi, biroq kartina muvaffaqiyatga erishmaydi.

Ikki yil o‘tib esa Bryus Li suratga tushayotgan kinoguruhga qo‘shiladi va anchagacha Bryus Li o‘ynagan filmlarda ikkinchi darajali rollar va epizodlarni ijro etib yurdi. Uni hatto «Bryus Lining eng yaxshi soyasi» deb ham atay boshlashdi, ammo bunday holat Jekini qoniqtirmasdi. Jekini Bryus Liga aylantirish g‘oyasi ham puchga chiqib, unga taqlid qilib o‘ynagan rollari omadsiz bo‘ldi. Lo Vey – Bryus Lining sobiq prodyuseri esa Jeki Chan u bilan shartnomani buzgani uchun o‘ch olishga qaror qildi, hatto hayotiga tahdid qilishdan ham tonmadi. Natijada Jeki avval Tayvanda, keyin Amerikada suratga tusha boshladi.

Jeki Changa qachon aylandi?

Chan ota-onasining yoniga Avstraliyaga jo‘nadi. Uning asosiy maqsadi – ingliz tilini o‘rganish edi. Kun ko‘rish uchun esa avval idish yuvib yurdi, keyin qurilishda ishlay boshladi. Aynan qurilishda qahramonimizning ismini talaffuz qila olmagan boshqa millat vakillari uni Kong Sang emas, Jeki deb atay boshlashdi. Gonkongga qaytgach yana kinolarda suratga tushishni davom ettirdi. Faqat endi titrlarda uning ismi Jeki Chan deb yoziladigan bo‘ldi.

1977 yili u shu paytgacha hamkorlik qilib yurgan rejissyorlardan ketib, boshqa rejissyor – sobiq kaskadyor Yen Vo Ping hamda ssenarist Chen Szen bilan hamkorlikka kirishdi. «Burgut soyasidagi ilon» avvalgi filmlardan farqli ravishda yengil, hazil-mutoyibaga boy, voqealari ham qiziq bo‘lgani, muhimi Jeki Bryus Liga taqlid qilish majburiyatidan holi tarzda obrazga o‘zgacha yondashgani bois xitga aylandi. Jeki o‘z uslubi — kung-fu bilan tomoshabinlarning mehrini qozondi. Endi u o‘zi ham ssenariy yozar, rejissyorlik qilar, hatto musiqa yozishga ham kirishgandi. Biroq Amerikada Jekining uslubini mensimay, uni «amerikacha»siga rol ijro etishga majburlaganlari bois, o‘sha paytlari o‘ynagan filmlar mashhur bo‘lmadi. Bu orada Jeki Chan bilan hamkorlikdagi kinostudiyalardan biri Lo Veyga 10 000 000 Gonkong dollar berib, Jeki Channi «sotib oldi».

U qora va oq ro‘yxatlarning boshida!

1883 yildan boshlab u Opera maktabidagi ikki do‘sti – Sammo Xung va Ien Biyao bilan yettita filmda suratga tushadi, bu filmlar ko‘proq Osiyo tomoshabinlariga manzur bo‘ladi. Jahon miqyosidagi mashhurlikni esa unga «Polisiya voqealari» filmi olib keladi. Undagi xavfli sahnalar, ajoyib tryuklar tomoshabinlarni befarq qoldirmadi. Muhimi, Jeki Chan o‘ta xatarli mashqlarni ham kaskadyorlarga topshirmay, o‘zi bajarardi. Filmning ssenariysini o‘qib ko‘rgan sug‘urta kompaniyalarning birortasi Jeki Channing hayotini sug‘urtalashga rozi bo‘lmadi. Qarangki, o‘shandan beri Jeki Chan nomi sug‘urta kompaniyalarining qora ro‘yxatiga kiritilganmish.

«Bronksdagi to‘polon» filmi AQSh kinteatrlarida qo‘yilib, 2 kun ichida 10 million kassa puli yig‘ib, barcha xit-paradlarda birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgach, Jeki Amerika kinosanoatida mustahkam o‘rnashib oldi. U «MTV» telekanalining mukofotiga sazovor bo‘ldi, o‘z kinokompaniyasini kaskadyorlar uyushmasini tashkil etdi. Jekining «Tig‘iz payt-2» filmi 10 hafta davomida peshqadamlikni qo‘ldan bermay, 200 million dollarlik foyda keltirib, barcha rekordlarni bekor qildi. 1998-2004 yillar oralig‘ida u o‘zining eng mashhur filmlarida suratga tushdi.

Jeki Chan endi – superqahramon! Faqat ijobiy rollarni o‘ynaydigan Jekining qahramonlari yoqimtoy, biroz erka, ozroq erinchoq va sodda yigitlar. Ular qiyinchiliklarni yengib, hamisha g‘alaba qozonadilar. Aksincha ham bo‘lishi mumkinmi? Axir uning eng zo‘r muxlislari bolalar-da!

O‘zingdan chiqqan baloga...

1982 yili Jeki Tayvanlik kinoaktrisa Lin Fenszyaoga uylanadi. Yuzlab filmlarda suratga tushgan mashxur aktrisa hech ikkilanmay, kinodagi karerasini tashlab o‘zini oilasiga bag‘ishlaydi. Tez orada ular farzandli bo‘lishadi. Aktyorning yolg‘iz o‘g‘li Jeysi Chan ham ota kasbini egalladi, bir necha filmlarda suratga tushdi ham. Biroq 2014 yili Pekinda narkotik moddasi iste’mol qilgani uchun 6 oy qamoq jazosini o‘tab chiqdi. Otasi esa uning uchun butun Xitoy xalqidan uzr so‘rab, o‘g‘lini merosdan bebahra qoldirishga va’da berdi.

Hotamtoy Chan

1988 yili aktyor ilk bora o‘z hayriya jamg‘armasini tashkil etdi. O‘shandan beri u bo‘sh vaqtini nochor insonlarga sarflaydi – Gonkongdagi yetim bolalar va butun dunyodagi muhtoj xitoyliklarga yordam qo‘lini cho‘zishga bel bog‘lagan.

Nazokat ABDUQUNDUZOVA tayyorladi.

Manba: «Sug'diyona» gazetasi



Категория: SHOU-BIZNES HABARLARI
Просмотров: 5224 | Рейтинг: 0| Рейтинг: Jeki Chan
Mavzuga Oid Boshqa Yangiliklar:
Реклама

Всего комментариев: 0
Элатма: Сайт ходимлари ўзларига ёқмаган изоҳларни фаоллаштирмаслик ва огоҳлантирмасдан ўчириш ҳуқуқига эга. Изоҳлар ҳақида тўлиқ маълумот мана бу манзилда (босинг)
Имя *:
Email:
Код *:

Профил

Время: 13:54
Добро Пожаловать, Mexmon

 
Новинка у нас
Самое Популярное
Самое Популярное