Italiya prezidenti Alisher Usmonovga orden topshirdi
Jahonning eng badavlat kishilaridan biri bo‘lgan Alisher Usmonov binolarni qayta ta’mirlashga qo‘shgan hissasi tufayli “Italiya Respublikasiga qilgan xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlandi. Bu haqda TASS xabar bermoqda.
Mukofotni Italiya Respublikasi prezidenti Serjo Mattarella shaxsan o‘zi topshirdi.
Italiya hukumati Alisher Usmonovni Rossiya-Italiya munosabatlarini yanada mustahkamlashga qo‘shgan hissasi, Moskvadagi Italiya elchixonasi joylashgan qo‘rg‘onni restavratsiya qilish ishlarida qatnashgani, Kapitoliy muzeyidagi Goratsiyev va Kuriatsiyev zallaridagi ta’mirlash ishlari, shuningdek, bir necha bino va ko‘ngilochar maskanlardagi qurilish ishlarida qatnashganligini yuqori baholash maqsadida ordenga loyiq topdi.
Orden Italiyaning eng oliy mukofotlaridan biri hisoblanib, u adabiyot, san’at, iqtisod, xayriya, jamoat va ijtimoiy sohalarda amalga oshirilgan yirik loyihalar uchun topshiriladi.
Alisher Usmonov homiylik borasida keng qamrovli xayriya faoliyatini olib boradi. U nafaqat Rossiyada, balki boshqa chet mamlakatlarda, qolaversa, O‘zbekistonda ham xayriya loyihalariga boshchilik qilgan. U 2015 yilda madaniyat va san’at yo‘nalishida Rossiyada yil homiysi, deb topilgan edi.