Xonanda va aktyor Sharof Muqimov o‘zining «Kel-kel» deb nomlangan qo‘shig‘i klipini o‘zbekistonliklarga Hindistonning «Senga oshiqman» nomli serialidagi Ishani obrazi orqali tanish aktrisa — Radhika Madan ishtirokida ishlamoqchi. Bu haqda xonanda Facebook’dagi sahifasida xabar qoldirgan. “Daryo” nashri klip haqidagi gap-so‘zlarga oydinlik kiritish maqsadida Sharof Muqimov bilan bog‘landi.
— Yangi klipingizda rostdan ham «Senga oshiqman» serialida Ishani rolini ijro etgan Radhika Madanni o‘ynatmoqchimisiz?
— Ha, shuni niyat qilganmiz. Klip «Kel-kel» deb nomlangan qo‘shig‘imizga ishlanadi. Klip voqealarining 50 foizi O‘zbekistonda, qolgan qismi esa Hindistonda suratga olinishi rejalashtirilgan. G‘oya muallifi — rejissyor Muzaffar Shams.
— Hindistonlik aktrisa klipingizda suratga tushishga rozi bo‘larmikin?
— Hindistonga besh marta borib, u yerdagi hamkorlarimiz bilan yaxshi aloqa o‘rnatganmiz. Bundan tashqari, Hindistonning O‘zbekistondagi elchixonasi vakillari ham 100 foizlik va’da bergan. Hozirda shu masalani ijobiy hal qilish ustida ishlayapmiz.