Ko‘pchilik “Qashqirlar makoni” serialini katta qiziqish bilan tomosha qilgan bo‘lsa kerak. Serial Turkiyadagi jinoyat olami va dunyo, Yaqin Sharq mintaqasidagi siyosiy holat haqidagi fikrlar ustiga qurilgan. Unda bir necha maxsus organ rahbarlari, terroristik tashkilot yetakchilari va mafiya sardorlarining o‘zaro muhokamalarida qiziq va dolzarb mavzular tilga olinadi.
Mintaqadagi kuchli davlatlar o‘rtasidagi manfaaatlar to‘qnashuvi ustomonlik bilan baho beriladi va qaysidir ma’noda prognoz qilinadi. Yirik davlatlarning Yaqin Sharqda tinchlik o‘rnatish, mintaqa xavfsizligini ta’minlash kabi “oliy maqsad”lari shunchaki niqob ekani, uning zamirida neftga hukmronlik qilish yotgani aytiladi. Serialda urush tashkilotchilari aynan demokratiya niqobida ostida Afg‘oniston, Iroq, Suriyada tartibsizliklar keltirib chiqarayotgani haqidagi nazariya ilgari suriladi. Bu bir kun kelib Turkiya boshiga ham kelishi, so‘ng Eron tomon yo‘nalitirilishi taxmin qilinadi.
Filmda XXI asrgacha bo‘lgan urushlar klassik ko‘rinishlarga ega bo‘lgani, endi bunday urushlar bo‘lmasligi urg‘ulanadi. XX asrdagi ikki urush moziyga jahon urushlari deya muhrlandi. Har yuz yillikda bir bo‘luvchi “Buyuk yig‘ilish”da avvalgi yig‘ilish singari ikki jahon urushidan farqli uchinchi jahon urushi turli davlatlar hududida ko‘chib yurishi belgilanadi.
Dunyo XXI asrning dastlabki 20 yilligini bosib o‘tdi. Xo‘sh, bu davrda jahon geosiyosatida nimalar sodir bo‘ldi?
XXI asrning qo‘rqinchli ibtidosi – Afg‘oniston
2001 yil 11 sentabr. AQShdagi jahon savdo markazining egizak binolari “Al-Qoida” terroristik tashkilotining xurujlari sababli qulatildi. 19 kishidan iborat 4 guruh 4ta samolyotni garovga oladi. Mazkur 4 terakt natijasida 19 terrorist, 2977 odam halok bo‘lgan va 24 kishi bedarak yo‘qolgan.
Ushbu voqeaga nisbatan Qo‘shma Shtatlar qattiq norozilik bilan chiqdi va o‘zining harbiy harakatlarini boshladi. 2001 yil 7 oktyabrida “Tolibon”ga qarshi harbiy operatsiyalaga start berildi va birinchi zarbda 40 samolyot, 50ga yaqin raketalar safarbar qilindi. Eng davomli deya aytilgan bu urush 2011 yildan yakuniga yeta boshladi va 2014 yilga kelib deyarli tugadi.
Iroq urushi
Filmdagi jinoyat saltanati rahbarlari aynan neft uchun Iroq mintaqasida urush ketayotgani va bundan ular ham chetda turishi kerak emasligini ta’kidlaydilar. Balki, bu fikrlarda jon bordir?!
“Meni o‘zlari tanlagan edilar. O‘zlari o‘ldirdilar”. Bu Saddam Husaynning so‘nggi so‘zlari edi. 2003 yil 5 fevral kuni BMT Xavfsizlik kengashida AQSh davlat kotibi Kolin Pauell o‘z ayblovini e’lon qildi. Unda ommaviy qirg‘in qurollari inspektorlaridan Iroq ma’lum qurol-aslahalarni yashirayotgani aytilgan. BMT hali sanksiyalar bermasdanoq, AQSh va uning ittifoqdoshlari Suddam hukumatini kimyoviy qurol ishlatganlikda aybladi va Iroqqa qo‘shin kiritdi.
2003 yil 20 martda amerikaliklar va ingliz harbiylari Iroqda harbiy operatsiyalar boshladi. Operatsiyaning nomi – “Iroq ozodligi” deya nomlandi. 1,5 oyda shimolga harakatlanayotgan koalisiya qo‘shinining 172 nafari vafot etgan, 1621 nafari yaralangan.
28 aprel kuni (Saddam Husayning tug‘ilgan kuni)da itifoqchilar tomonidan Mosul shahri o‘qqa tutiladi. 45 daqiqa davom etgan bu jang shahar masalasini hal qiladi. 1 may kuni AQSh Prezidenti Jorj Bush “Avraam Linkoln” nomli S-3 avianosida yetib keladi va “Missiya bajarildi” nomli nutqni so‘zlaydi.
Iroq urushidagi koalisiyada jami bo‘lib 49 davlat qo‘shinlari ishtirok etgan. Urush 2011 yilda yakuniga yetdi. Bu urush itifoq qo‘shinlariga katta talofat keltirdi. Shuningdek, iqtisodchi Jozef Stiglisning hisoblashicha, bu urush AQSh uchun 3 trillion dollarga tushgan. Shundan 845 milliard dollari harbiy xarajatlar. Buncha xarajat va sa’y-harakatlar ortida sirli manfaat turgandek, go‘yo.
Arab bahori
Serial qaxramoning bir so‘zi uzoq vaqtlardan beri hukmdorlar tomonidan qo‘llangani hech kimga sir emas.“Tepada” sokinlik bo‘lishi uchun, “pastda” urush bo‘lishi kerak”.
Nimagadir, birdaniga 2011 yilning boshida bir necha arab davlatlarida kutilmagan g‘alayonlar boshlanadi. Bu tartibsizliklar deyarli Yaqin Sharq va shimoliy Afrika davlatlarini qamrab oldi. Dastavval, Tunis, Misr, Yaman kabi davlatlarda rangli inqiloblar boshlandi. So‘ngra, Liviya va Suriyada fuqarolik urushi, Jazoir, Iroq, Iordaniya, Marokash, Ummon kabi davlatlarda ommaviy protestlar avjiga chiqdi. Quvayt, Sudan, Livan, Mavritaniya, Saudiya Arabistoni, Jibuti davlatlarida ham ommaviy to‘qnashuvlar sodir bo‘ldi.
Ushbu noroziliklarning boshlang‘ich nuqtasi 2010 yilda tunislik tadbirkor Muhammad Buaziz mamlakat polisiyaning korrupsiya va shafqatsiz munosabatlariga qarshi o‘z noroziligini ifodalash maqsadida o‘zini yoqib yuborganidan boshlandi. Bu noroziliklar to‘rt davlat siyosatida katta o‘zgarishga sabab bo‘ldi.
O‘zgarishlar quyidagicha bo‘ldi:
• Tunis Prezidenti Zin al-Abidin Ben Ali 14 yanvarda mamlakatni tashlab qochdi;
• Misr Prezidenti Husni Muborak 11 fevralda iste’fo berdi;
• Muammar Qaddofi 23 avgustda hokimiyatdan ag‘darildi. O‘sha yili oktyabrda o‘ldirildi. O‘shanda o‘z xalqiga qarab u shunday degan edi: “Meni o‘ldirmang, axir men otangizman-ku”;
• Yaman Prezidenti Ali Abdalla Salex 27 fevral 2012 yilda o‘z mansabini tark etdi.
Ammo bu mamlakatlar demokratiya o‘rnatish, tinch hayot surish haqidagi va’dalar puch bo‘lib chiqdi. G‘alayon ko‘targan ommani bundanda battar vaziyat, oxir-oqibat qashshoq mamlakat, qo‘porilgan binolar, kelajakka umidsiz boqayotgan nigohlar, ta’limdan uzoq qolgan bolalar kutib turgandi. Bugun bu mamlakatlardagi ahvol xalqaro tashkilotlar tomonidan insoniyat inqirozi sifatida baholanmoqda.
Turkiyadagi davlat to‘ntarishiga urinish
“Qashqirlar makoni”dagi maxsus xizmat rahbarlarining suhbatida Yaqin Sharqda “katta davlatlar”, xususan AQSh, Isroil manfaatlari doirasida navbat Turkiyaga kelgani aytiladi. Bu urinish Turkiyadagi davlat to‘ntarishi sifatida beixtiyor gavdalanishi, tabiiy albatta. Davlat to‘ntarishi qanday bo‘lgan edi?
2016 yilning 15 iyul sanasi Turkiya Respublikasida tarixida qonli sahifalar bilan muhrlangan edi. Shu kuni mamlakatda qurolli kuchlar, ichki ishlar, chegara va milliy xavfsizlik xizmatlarining bir guruh xodimlari tomonidan konstitusion tizimga qarshi davlat to‘ntarishiga urinish amalga oshirildi. Mamlakat poytaxti Anqaraning sayyohlar va mahalliy aholi eng gavjum bo‘lgan nuqtasi – Qiziloy maydonida odamlar o‘qqa tutildi. Parlament binosi bombalandi. Istanbuldagi Bo‘g‘oz ko‘prigi yopib qo‘yildi, odamlar havo kuchlari orqali o‘qqa tutildi.
Bu voqealar boshlangan vaqtda Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘an Marmarisda dam olayotgan edi. U tunab qolgan mehmonxonaga ham hujum uyushtirildi. Tasodifki, Erdo‘g‘an hujum ro‘y bergan vaqtda mehmonxonani tark etgan.
Bu orada mamlakatning rasmiy telekanallaridan biri TRT bosh ofisiga hujum qilindi. Jonli efirda davlat to‘ntarishi amalga oshirilgani, hokimiyat Turkiya qurolli kuchlari qo‘liga o‘tgani e’lon qilindi. Oradan ko‘p o‘tmay Rajab Toyib Erdo‘g‘an Skype orqali CNN TURK telekanalida chiqish qildi va turk xalqini birlashishga, mamlakat mustaqilligini saqlab qolishga, ko‘chalarga chiqib, demokratik hokimiyatni ag‘darmoqchi bo‘lgan xoinlarga qarshi turishga chaqirdi. Olomon ko‘chalarga yoyildi. Nafaqat erkaklar, ayollar, yosh qizlar, bolalar ham qo‘lida bayroq bilan ko‘chalarga chiqdi. Davlat to‘ntarishiga urinishda 251 kishi qurbon bo‘ldi, yuzlab odamlar jarohatlandi. Shu kun millat irodasi zafar quchdi. Tongga yaqin xalq kuchi bilan xoinlar tiz cho‘ktirildi. Davlat to‘ntarishi yo‘qqa chiqdi.
Navbat Erongami?
Serialda aytilgan o‘sha kun, Eronga xujum boshlandimi?
Yaqin va O‘rta Sharqning eng ko‘zga ko‘ringan kishisi bo‘lgan Qosim Sulaymoniy 3 yanvarga o‘tar kechasi Bag‘dod aeroportiga havo hujumi vaqtida halok bo‘ldi. Eron o‘z generali uchun AQShdan ayovsiz qasos olishga va’da berdi. Shundan so‘ng, hammaning ko‘z o‘ngida “qo‘rqinchli tush” boshlangandek, go‘yo. AQSh bazalariga hujum uyushtirildi, Eron BAA va Isroilga zarba berishi haqida ogohlantirdi. Mintaqada xotirjamlik ko‘tarildi.
AQSh Sulaymoniyning o‘limiga munosabat bildirib, Eron hech qachon urushda g‘olib bo‘lmasligini, shu bilan birga, muzokaralardagi muvaffaqiyatsizliklarga ham chiday olmasligini ta’kidladi.
5 yanvar kuni Eron Islom Respublikasi yadro dasturi bo‘yicha “Hamkorlikdagi umumiy harakatlar rejasi”da (HUHR) belgilangan so‘nggi muhim cheklovdan ham voz kechib, kelishuvga amal qilishni to‘xtatishini ma’lum qildi.
Iroqdagi ikki harbiy bazasiga havodan raketa zarbasidan so‘ng, Eron AQShni hujumga javob qartarmaslik haqida ogohlantirdi. Amerika harbiy bazasidan hujum uyushtirilgudek bo‘lsa, javob yanada dahshatli bo‘lishi ta’kidladi. Shuningdek, bu general Qosim Sulaymoniy halok bo‘lgan havo hujumi uchun javob ekani qo‘shimcha qildi.
Donald Tramp kecha, 8 yanvar kuni Eronga nisbatan urush ochilmasligini e’lon qildi va sanksiyalarni kuchaytirishi haqida eslatdi.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, so‘nggi 20 yillik mintaqa geosiyosiy vaziyatini ko‘rib chiqdik. Ortga nazar tashlab, “Qashqirlar makoni” serialidagi o‘sha nazariya, ya’ni III jahon urushi allaqachon boshlanib bo‘lgani, faqat u turli hududlarda, turli ko‘rinishda bo‘layotganiga ishongandek bo‘ldik. Ammo hech bir millat, hech bir xalq falon mamlakatda urush bo‘lishini, bolalar ota-onasiz, Vatansiz, ta’lim va tarbiyasiz katta bo‘lishini istamaydi.
Bahodir Ahmedov