Asli Samarqand viloyatining Narpay tumanilik R. F. ismli ayol oilasi buzilgach, ikki nafar bolasi bilan Uchquduq shahriga keladi.
Shaharda ijaraga uy olib, bozorda savdo-sotiq bilan shug‘ullana boshlaydi. Ko‘p o‘tmay kichik o‘g‘lini begona bir ayolga vasiylikka berib, oilali, ikki nafar farzandning otasi bo‘lgan I. A. bilan tanishadi. Kafe-barlarda sang‘ib yurishlar, oxir-oqibat shar’iy nikoh va homiladorlik bilan yakun topadi.
4 aprel kuni ko‘zi yorigan ona farzandidan “qutilish” va daromad olish ilinjiga tushadi. Tanishlariga o‘z qarorini ma’lum qilib, ular orqali xaridor axtaradi.
Yaqin odamlari “xaridor” deb tanishtirgan ayol bilan 10 000 000 (o‘n million) so‘mga “baholangan” bola uchun hozircha 2 500 000 so‘m olishni, qolgan mablag‘ hujjatlar to‘liq rasmiylashtirilganidan so‘ng berilishiga kelishiladi. Hammasi xamirdan qil sug‘urgandek ketayotgan edi, go‘yo.
"Xalq so‘zi" nashrining yozishicha, tuman ichki ishlar xodimlarining tezkor harakatlari tufayli ushbu jinoyatga chek qo‘yildi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchquduq tuman sudida R. F. va uning jinoiy sherigi O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 135-moddasining 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topildi. Jinoyat kodeksining 57-moddasi qo‘llanilgan holda R. F.ning “ma’shug‘”i I. A. 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan bo‘lsa, “ona” nomiga dog‘ tushirgan ayolga 5 yil muddatga qamoq jazosi tayinlandi.