Rossiyaning Sverdlovsk viloyati O‘rta Uralda faoliyat yuritayotgan do‘konlarda o‘tkazilgan tekshiruv davomida “halol” yorlig‘i yopishtirilgan go‘sht mahsulotlari tarkibida cho‘chqa DNKsi borligi aniqlandi. Bu haqda "Rossiyskaya gazeta" bong urmoqda.
Xabarda qayd etilishicha, tekshiruv tadbirlari jamoat nazorati qo‘mitasi tomonidan olib borilmoqda. Ushbu qo‘mitaga “halol” yorlig‘i yopishtirilgan mahsulotlar sifatidan norozi bo‘lgan iste’molchilar tomonidan ko‘plab murojaatlar kelib tushgan.
"Rosselxoznadzor" Sverdlovsk markazi direktori o‘rinbosari Irina Toporkovaning so‘zlariga ko‘ra, reyd davomida ommabop go‘shtlar “halol” standartiga muvofiqligi tekshirilgan.
Xususan, mutaxassislar kolbasa, chuchvara va kotlet mahsulotlarini tekshirganlar. Natijada, ekspertlar "halol" go‘shtda cho‘chqa DNKsining qator namunalarini topishgan.
Xabarda urg‘ulanishicha, Chelyabinsk viloyati kompaniyasi soxta mahsulotlar ishlab chiqarish yetakchi o‘rinda turibdi.
Hozir mutaxassislar ishlab chiqaruvchilar qasddan huquqbuzarlikkka yo‘l qo‘yganligi yoki ishlab chiqarish texnologiyasiga rioya qilmaslik oqibatida yuz berganini aniqlashga harakat qilmoqda.
Qonunchilikka muvofiq “halol” yorlig‘i bilan nohalol go‘sht sotgan kompaniyalar 300 ming rublgacha jarimaga tortilishi mumkin.
Qalampir.uz Tahririyati