Qirg`izistonning O`sh viloyati Aravon tumanida 3 metrli o`lik bo`g`ma ilon topildi. Bu haqda "Turmush" nashri xabar bermoqda.
Uning ma`lumotlariga ko`ra, ilon O`zbekiston bilan chegaradagi Jeke-Miste qishlog`ida, Farg`ona kanalining yonidan topilgan.
Qishloq veterinari Mamatrayim Tojiboevning ta`kidlanishicha, bo`g`ma ilon, katta ehtimol bilan, qo`shni davlatdan kanal orqali suzib kelgan.
«Ikki kun oldin qishloqdagi yigitlar suvdan o`lik bo`g`ma ilonni topishdi, uning uzunligi 3 metr, eni – 15-20 santimetr bo`lgan. Ehtimol, O`zbekistonda kimdir ilonlar boqadi, ulardan biri nobud bo`lganida esa, uni kanalga tashlab yuborgan», - dedi veterinar.
Ilonni tutgan shaxslar izoh berishdan bosh tortgan.