Fransiyada bugundan jamoat joylarida niqob taqmaganlar 135 yevro jarimaga tortiladi
Fransiyada 20 iyuldan boshlab yopiq turdagi jamoat joylarida, jumladan, do‘konlarda niqob taqmagan fuqarolar 135 yevro miqdorida jarimaga tortiladi. Le Parisien xabariga ko‘ra, tez orada mamlakat sog‘liqni saqlash vaziri Olive Veran niqob taqish majburiy bo‘lgan jamoat joylarining aniq ro‘yxatini taqdim qiladi. Vazirlik mutaxassislari bu qoidani savdo markazlari, yopiq bozorlar, muzeylar, banklar, yopiq turdagi avtomobil turar joylarida joriy qilishni taklif etishgan. Hozirda bunday jarima jamoat transportida niqob taqmaganlar uchun joriy qilingan. Boshqa holatlarda niqob taqish tavsiyaviy xarakterga ega. Avvalroq Fransiya bosh vaziri Jan Kasteks keyingi haftadan boshlab yopiq turdagi jamoat joylarida niqob taqish majburiy qilinishi haqida Senatda bayonot bergan edi. Bunga taalluqli Dekret qabul qilinganidan so‘ng, yopiq turdagi jamoat joylarida qo‘qqisdan reydlar o‘tkaziladi. So‘nggi vaqtlarda Fransiyada Covid-19 bilan xastalangan bemorlar soni keskin darajada oshdi. Mamlakat sog‘liqni saqlash vazirligi xabariga ko‘ra, koronavirus yuqtirib olganlar soni 174 mingga yaqinlashgan. Ulardan 105 ming nafari shifoxonalarga yotqizilgan, 30 mingdan ortig‘i vafot etgan.