“Forsaj 7” filmidagi aksariyat tryuklar kompyuter grafikasiz suratga olingan
Yangi “Forsaj 7” filmidagi aksariyat murakkab sahnalar va tryuklar kompyuter grafikasiz, tabiiy sharoitlarda suratga olingan. Bu haqda filmning avtomobillarga javob beruvchi koordinatori Dennis Makkarti aytib berdi. Makkarti misol tariqasida avtomobillarning samolyotdan parashyutlarda katapultlashi sahnasini keltirdi.
“Biz bu sahnani Arizona cho‘lida suratga oldik. Suratga olish uchun katta miqdorda avtomobillar va turli texnikadan foydalanildi. Avtomobillar haqiqatdan ham samolyotdan ularga o‘rnatilgan parashyutlarda sakratilgan. Xullas, siz ko‘radigan bu lavhalar 3D-grafikasi mahsuli emas, balki haqiqiy”, deydi Makkarti.
Makkartining so‘zlariga kщra, filmni suratga olishda samolyotdan sakratilgan avtomobillarning ortidan videokameralar bilan birga sakrab, ularni suratga olgan operatorlar jamoasi ishlagan.
“Avtomobillar yerga tushishini tasvirlashda biroz ayyorlik ishlatishimizga to‘g‘ri keldi, biroq ko‘pgina sahnalar rostdan ham amalga oshirilgan”, deb qo‘shimcha qilib o‘tdi Makkarti.