Bolgariyaning Sofiya shahrida erkin kurash boʻyicha U-20 Jahon chempionati boʻlib oʻtmoqda.
Unda dunyoning 50 dan ortiq mamlakatidan kelgan sportchilar qatorida bizning 6 nafar hamyurtimiz ham vatanimiz sharafini munosib himoya qilishmoqda.
Musobaqa oʻzbekistonlik polvonlar uchun omadli boshlandi. Dastlabki kungi bellashuvlarda uch nafar sportchimiz -57, -65 hamda -70 kg vazn toifalarida gilamga chiqdi.
-57 kg vazn toifasidagi vakilimiz Naimov Azizbek ilk bahsda shveysariyalik raqibini magʻlubiyatga uchratdi. Afsuski, 2-davrada AQSh vakiliga 7-2 hisobida yutqazib qoʻydi.
-65 kg vazn toifasidagi vatandoshimiz Jalolov Umidjon dastlab qirgʻizistonlik kurashchini 10-2 hisobida, soʻngra chililik raqibini 10-0, 3-davra bahsida Yaponiya terma jamoasi vakilini ham 10-0, yarim finalda esa amerikalik polvonni 4-0 hisobida magʻlubiyatga uchratdi.
Hal qiluvchi final bahsida esa ozarbayjonlik Ziraddin Bayramov bilan boʻlgan bellashuvda sof gʻalabaga erishib, oltin medal sohibiga aylandi.
Shuningdek -70 kg vazn toifasida Begijon Qoʻldoshevga biroz omad yetishmadi. U ilk saralash bahsida eronlik kurashchiga 3-1 hisobida imkoniyatni boy berib qoʻydi.
Oʻz navbatida eronlik kurashchi ham AQSh vakiliga yutqazib qoʻydi. Shu tariqa Qoʻldoshev bahslardan chiqib ketdi.
Eslatib oʻtamiz, musobaqa 21-avgustga qadar davom etadi.