Endi bankomatlarda dollarni ham naqd qilish mumkin bo‘ladi
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki tomonidan Toshkent va Samarqand shaharlarida so‘m va dollarni naqdlashtirishga mo‘ljallangan 55 ta bankomat o‘rnatilishi rejalashtirilmoqda.
Mazkur loyiha doirasida dastlab, Sergeli yarmarkasida, “Aviasozlar” bozorida va Olmazor tumanida milliy valyutani naqdlashtirishga mo‘ljallangan avtomatlar joylashtirilgan edi.
Bank ma’muriyatining ma’lumotiga ko‘ra, endilikda sayyohlar uchun ham milliy, ham xorijiy valyutalarni naqdga aylantirish uchun yana 55 ta bankomatning o‘rnatilishi ko‘zda tutilgan. Hozirda bunday bankomatlar Toshkentdagi “Hyatt Regency”, “International” hamda Samarqanddagi ayrim mehmonxonalarda bor.
Avvalroq, 14 avgustdan boshlab Toshkentning 3 ta – “Oloy”, “Yunusobod” va “Qo‘yliq” bozorlarida “Xalq banki”ning bankomatlari o‘rnatilgani haqida xabar bergan edik. Mazkur bankomatlar orqali kuniga bitta plastik kartadan 100 000 so‘m miqdorida pulni naqdlashtirish mumkin.
22 avgust kuni esa Toshkentning “Askiya” va “Bo‘zbozor” bozorlarida “Ipoteka” banki, “Chilonzor” bozorida “Mikrokreditbank” hamda “O‘rikzor” savdo majmuasida “Ipak yuli” banki tomonidan ham bankomatlar o‘rnatilgan edi.