O‘zbek kinosi juda qaltis vaziyatga tushib qolayapti. Bunga avvalo biz — ijodkorlar aybdormiz. Tomoshabinlarning ham ta’siri yo‘q deyolmayman. Dramaturgiyani tushungan-tushunmagan odam ham bizga tosh otishni kasb qilib oldi. Xohlagan kishi kinoni tanqid qila oladigan bo‘ldi. Lekin bu adolatdanmi?”, — deydi Kubayeva.
“Nega aktyor-aktrisalar shifokorlar, o‘qituvchi-yu boshqa soha vakillarining ishiga aralashmaymiz-u, bizni siquvga olaverishadi? Gapirishsin, agar shunga asoslari bo‘lsa! Butun boshli ko‘rsatuvlar bugun yaratilayotgan filmlarni qoralashga bag‘ishlanayapti. Ayrim muxlislarimiz teatrga kelib, ‘Nega bu holatga indamayapsizlar? Mehnatingiz-ku axir’, deb gapirishdi ham. Hozir sizga so‘zlab berayapman, ammo yuragimdagi og‘riq o‘zimga ayon”.
“Biz biror soha vakilini gapirsak, faqat kamchiligini aytmay, yutuqlarini ham tilga olamiz-ku. Nega ijodkorlarga kelganda faqat xatosini izlashadi? Maqtashga arzigulik filmlar yo‘q deysizmi? So‘nggi paytlarda o‘zbek kinosida qanday o‘zgarishlar bo‘layapti, bilishmaydi, lekin mavzu kerak bo‘lsa, kinoga yopishishadi. Axir bu nohaqlik-ku!”
“Kinoga bag‘ishlangan ko‘rsatuvlardan birida fikrimni aytdim. Gap egasini topdi. Lekin o‘sha odam vaziyatni yanada qaltis tus olishiga sababchi bo‘ldi. Ehtimol, barcha ijodkorlar birlashsak, noo‘rin tanqidlarga chap bera olarmiz”, — deb aytib o‘tgan aktrisa o‘ziga tegishli gapni topib olgan odam kim ekaniga oydinlik kiritmagan.
Jurnalist Dildora Yusufbekovaning sahnadagi mish-mishlar og‘irroq botadimi yoki hayotdagisi, deb bergan savoliga Dilnoza Kubayeva hayotdagisi deya javob berdi.
“To‘g‘risi, oxirgi paytlarda charchab qoldim gap-so‘zlardan. Bir tarafdan assosiz-ku bular, nega siqilishim kerak, deyman. Hadeb kuyib-yonaversam, qiladigan ishlarim qolib ketadi-ku, deb o‘zimni yo‘lga solishga harakat qilaman”.