Dilnoza Kubayeva O‘zbek milliy akademik drama teatrida osh berdi
Biroz avvalroq O‘zbek milliy akademik drama teatrida “Alisher Navoiy” spektakli sahnalashtirilgani va unda aktrisa Dilnoza Kubayeva Guli rolini ijro etgani haqida xabar bergan edik. Kecha, 5 fevral kuni Dilnoza Kubayeva spektaklning ochiq premerasi oldidan ustozlar duosini olish maqsadida O‘zbek milliy akademik drama tearida dasturxon yozib, osh beribdi degan xabarlar qulog‘imizga chalindi. Biz shu masalada aktrisa bilan bog‘landik.
Dilnoza Kubayeva, aktrisa:
— Bu xabar sizlarning qulog‘ingizga qanday yetib bordi? (kulib) Spektaklda mening dugonam Qunduz rolini ijro etgan hamkasbim va kursdoshim Hilola Toshmuhammedova bilan 14 yanvar – “Vatan himoyachilari kuni”ga bag‘ishlab teatrdagi erkak san’atkorlarga dasturxon yozishni niyat qilgan edik. Repetisiyalar, gastrollar bilan bunga vaqt topolmadik. Shu niyatimiz “Alisher Navoiy” spektaklning taqdimoti arafasiga to‘g‘ri kelgan ekan... Men ham Hilola ham tarixiy asarlarda ilk bor katta rollarni o‘ynayapmiz. To‘g‘ri, bundan avval ham tarixiy spektakllarda rol ijro etganmiz, lekin bu spektakllar hozir namoyish etilmaydi. Shu sabab osh bahonasida ustozlarimizning duosini oldik.
Eslatib o‘tamiz, 6-7 fevral kunlari O‘zbek milliy akademik drama teatrida rejissyor Rustam Hamidov sahnalashtirgan "Alisher Navoiy" spektaklining ochiq premerasi bo‘lib o‘tadi.