“Ichkarida” seriali bosh qahramoni Sarp rolini ijro etgan Chag‘otoy Ulusoy ustidan sud hukmi o‘qildi.
Bu haqida qalampir.uz sayti, “Haber7” nashri bergan ma’lumotlarga asoslanib yozmoqda.
Gap shundaki, Chag‘otoy Ulusoy bir necha yillardan beri “qora dori” biznesi bilan shug‘ullanib kelgan. U bilan birga Turkiyaning yana ikki nafar taniqli shaxslari - Gizem Karaja va Jenk Erenga nisbatan ham qora ishlariga munosib jazo tayinlandi.
Har uch san’atkor Turkiya Jinoyat kodeksining “giyohvand modda savdosi bilan shug‘ullanganligi uchun” moddasi bilan aybdor deb topildi.
Unga ko‘ra, “Ichkarida” o‘z kasbini o‘zgartirib, jamiyatni qora kuchlardan tozalash uchun jonini fido qilishga ham tayyor Sarpni ijro etgan Chag‘otoy Ulusoy bir necha yillardan beri “qora dori” biznesini yuritib kelayotganligi aniqlangan. Unga sud 4 yilu 2 oy qamoq jazosi tayinladi.
“Muhtasham yuz yil” va “Sevgi iztirobi” serialllari orqali o‘zbek tomoshabinlariga tanish Gizem Karaja ham xuddi shu biznes turini “gullatish”dagi ishtiroki uchun shuncha yil vaqtini panjara ortida o‘tkazadigan bo‘ldi.
Taniqli xonanda Jen Eren esa “hamtovoqlari”dan ko‘ra ko‘proq ozodlikdan mahrum etildi. U endi 6 yilu 3 oylik umrini qamoqda o‘tkazadi. Sud vakilining aytishicha, jazo tayinlashda jinoyatchilarning mashhurligi inobatga olinmagan.
“Chunki qonun barcha uchun barobar. Ular belgilangan jazoni o‘tashga majburdirlar”, deydi sud vakili.