Adidas, Zara, Tesco, C&A, Gap Inc., H&M, Levi Strauss&Co., Walmart va shunga o‘xshash jahonga mashxur jami 331 xalqaro brend va riteyler kompaniyalari O‘zbekistondagi ish beruvchilar bilan ishlashga tayyor. Lekin ular tekstil mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxonalar bilan shartnoma imzolashdan avval ishchilarga munosib mehnat sharoitlari yaratilgan yoki yo‘qligi masalasini kun tartibiga qo‘ymoqda. Bu haqida Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanov AOKAda bo‘lib o‘tgan anjumanda ma’lum qildi.
Uning ta’kidlashicha, ushbu brend kompaniyalarning texnik guruhlari O‘zbekistonga kelib, vaziyatni o‘rganmoqda.
“Oddiy bir tekstil mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxonani oladigan bo‘lsak, u yerdagi ishchi xodimlarga yaratilgan ish sharoitlari, ish o‘rinlari, ularning ijtimoiy himoya vositalari qanday bo‘ladi, hattoki, oddiy gigiyena-sanitariya qoidalariga rioya qilayotgani, ularga issiq ovqat berilishidan tortib, ish joyiga kelishi va ishchi kiyimlari bilan ham ta’minlanishi bo‘yicha talablar bor va “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonunda bularning hammasi aks ettirilgan. Mana shu talablarga rioya etilgan taqdirdagina xorijiy ish beruvchilar O‘zbekistondagi tadbirkorlar bilan shartnoma imzolashga tayyor. Shular ularning qo‘ygan talabi”, deydi vazir.
Ammo mamlakatdagi tadbirkorlik sub’ektlarining barchasi ham bunday talabga javob bera olmaydi. Masalan, 2019 yilda mehnat munosabatlari va muhofazasi buzilgani bo‘yicha Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga jami 19 mingdan ortiq, 2021 yilning yakuniga ko‘ra 27 mingta murojaatlar kelib tushgan. 2022 yilning 6 oyi mobaynida esa shunday murojaatlarning soni 11 mingni tashkil qildi.
Murojaatlar joyiga chiqib o‘rganilganida esa 41 mingga yaqin turli xildagi qonunbuzilish holatlari aniqlangan. Ularga tegishli qonuniy choralar ko‘rilib, 5 mlrddan ortiq mablag‘lar fuqorolar foydasiga undirib berilgan. Shuningdek, mehnat muhofazasiga rioya etilmagani uchun so‘nggi yillarda 834 ta baxtsiz hodisalar yuz bergan. Ularning 37 tasi yengil tan jarohati bilan, 578 tasi og‘ir tan jarohati va 118 tasi esa xodimning o‘limi bilan yakunlangan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil mart oyida ham Cotton Campaign O‘zbekistondan mahsulot sotib olishda manfaatdor bo‘lgan barcha brendlarni ishlab chiqarishning barcha bosqichlarida, jumladan paxta fermalari, to‘qimachilik fabrikalari va ishlab chiqarish korxonalarida mehnat va inson huquqlariga rioya etilishini ta’minlash uchun sinchkovlik bilan tekshirishga chaqirgan edi. Xalqaro kompaniyalarning mamlakatga kirib kelishi uchun majburiy mehnatning oldini olish, monitoring qilish, shikoyatlar yo‘llash va qoidabuzarliklarni bartaraf etish uchun ishonchli va mustaqil mexanizmlar mavjudligini ta’minlash zarurligi takkidlangan.
Xususan, “Endi biz O‘zbekiston hukumatini fuqarolik jamiyati uchun maydon ochishga va global brendlarni jalb qiladigan hamda mehnat va inson huquqlarini himoya qiladigan mas’uliyatli yetkazib beruvchilar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun zarur bo‘lgan qulay muhitni yaratishga chaqiramiz”, degan edi Cotton Campaign asoschilaridan biri – AQSH Davlat kotibining demokratiya, inson huquqlari va mehnat bo‘yicha yordamchisi sobiq o‘rinbosari Bennet Friman.