Bozorlardagi o‘zboshimchaliklarga barham beriladigan bo‘ldi
Moliya vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasining (23.05.2017 y. 2185-sonli) qaroriga binoan, "Bozorlar, savdo majmualari va ularning bo‘linmalarida bir martalik yig‘imlar, ijara to‘lovlari hamda ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘lovlarning o‘z vaqtida va to‘liq undirilishini tashkillashtirish hamda nazorat qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom"ga o‘zgartirishlar kiritildi.
Hujjatda bozorlar va ularning bo‘linmalari, shuningdek, avval umumiy ro‘yxatda keltirilgan savdo majmualari va ularning bo‘linmalari daromad manbalari belgilab qo‘yildi.
Bozorlar va savdo majmualarini boshqarish tartibi to‘g‘risidagi tartiblariga ham tuzatishlar kiritildi. Jumladan, Nizomga sotuvchilar, bozorlar va savdo majmualari ma’muriyatining huquq va majburiyatlari belgilandi.
Ma’muriyatning iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari, o‘rnatilgan savdo qoidalari talablarini bajarmaslik, bozor va savdo majmualarida savdo faoliyatini tashkil etish qoidalariga rioya etmaslik kabi qoidabuzarliklar uchun javobgarlik me’yorlari belgilab qo‘yildi.
Shuningdek, ular ijara to‘lovlari va ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida va to‘liq undirmaganlik uchun hamda yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgani to‘g‘risida guvohnomasiz jismoniy shaxslarga stasionar savdo shoxobchalarini taqdim etganlik uchun javobgarlikka tortiladi.