Bugun ayrim manbalarda poytaxtimizning Yashnobod tumanidagi markaziy “Aviasozlar” dehqon bozorining dezinfeksiya munosabati bilan vaqtincha yopilishi haqida gap-so‘zlar paydo bo‘ldi.
Shu munosabat bilan biz bozorda bo‘lib, vaziyatni o‘rgandik.
— Hozirgi karantin davrida bozorimizda aholi uchun barcha qulayliklarni yaratish choralari ko‘rilmoqda, — deydi “Aviasozlar” dehqon bozori rahbari Erkin Quvonov. — Yashnobod tuman hokimligi va prokuratura, soliq, IIO FMB va boshqa huquq-tartibot idoralari hamkorligida namunali xizmat ko‘rsatish, fuqarolar o‘rtasida karantin hamda sanitariya-epidemiologiya tartib-qoidalariga rioya etilishi muntazam nazorat qilib borilyapti. “DZK-SM” MChJ bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq har tong soat 6.00 dan 7.00 gacha bozor hududi va savdo rastalari to‘liq koronavirus hamda boshqa yuqumli infeksiyalarga qarshi dezinfeksiya qilinmoqda. Xaridorlar uchun ertalab soat 7.00 dan 18.00 gacha xizmat ko‘rsatilyapti.