10-11 noyabr kunlari “Istiqlol” san’at saroyida Bahrom Nazarovning “Shukrona” nomli konsert dasturi bo‘lib o‘tmoqda.
Konsert dasturining ilk kuni tashrif buyurgan muxlislarga a’lo darajadagi kayfiyat taqdim eta oldi. Konsert taasurotlari muxlislar qalbida ancha vaqtgacha saqlanib qolishi aniq. O‘zgacha tashkillashtirilgan dastur, sahna bezagi, rejissyor mahorati, san’atkorning professionalizmi, yangi bo‘lishiga qaramay muxlislarning yuragidan joy ololgan taronalar - bularning hammasi aynan Bahrom Nazarovning konsert dasturda mujassam bo‘ldi. Darvoqe, konsert rejissyori - Oybek Aliev.
Konsertning uchinchi qismida saroyning o‘rtasiga o‘rnatilgan kichik sahna va unda kuylangan yangi “Bor-bor” taronasi bilan uyg‘unlashgan ajoyib g‘oya muxlislar qalbidan joy olishga ulgurdi.
Eng asosiy bir jihatni ta’kidlamay bo‘lmaydi, boshqa konsert dasturlarda guvohi bo‘lganim, tomoshabin odatda konsertning so‘nggi taronasida o‘rnidan turib, zalni tark eta boshlaydi, bu gal esa unday bo‘lmadi.
Bahrom Nazarov muxlislarining madaniyatimi, tashkilotchilarning g‘oyasi yohud san’atkorning o‘ziga xos ijrosi, tomoshabinni konsert so‘nggi soniyalarigacha o‘rindiqni tark etmasligiga sabab bo‘ldi. Bunga tasanno aytishdan o‘zga chora yo‘q.
Konsert so‘nggidagi sirk artistlarini chiqishlari ham barcha uchun kutilmagan hodisa bo‘ldi.
Darvoqe, konsertga Bahrom Nazarovning ustozi O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti Ozodbek Nazarbekov tashrif buyurib, shogirdiga omad tiladi hamda o‘zining yangi taronasini taqdim etdi.
Muxlislarning deyarli barchasi konsertni a’lo kayfiyatda tark etgani, uning yuqori darajada o‘tganidan dalolat.
Bahrom Nazarovning kelgusi ijodiga omadlar tilab qolamiz.
Darvoqe, bugun konsertning ikkinchi - so‘nggi kuni taqdim etiladi.