Axborot», «Poytaxt» va «Davr» informasion dasturlari yopiladi
O`zbekiston» telekanalining «Axborot» va «Tahlilnoma», «Toshkent» telekanalining «Poytaxt» va «Yoshlar»ning «Davr» informasion dasturlari yopiladi. Milliy teleradiokompaniya (MTRK) ushbu xabarni UZ24ga tasdiqladi.
Barcha axborot-tahliliy dasturlar «Diyor» kanali va «Toshkent» radiokanali negizida tashkil etilgan «O`zbekiston 24» telekanali orqali kun-u tun efirga uzatiladi. Yangi kanalning ochilish sanasi hozircha noma`lum.
«Axborot», «Poytaxt» va «Davr» dasturlari namoyishi «O`zbekiston 24» faoliyati boshlanguniga qadar davom etadi.
Prezident may oyi boshida Milliy teleradiokompaniya tarkibida «O`zbekiston 24» axborot-tahliliy teleradiokanalini tashkil etish to`g`risidagi qarorni imzolagandi. Telekanal xorijda ham muxbirlik punktlariga ega bo`ladi hamda mamlakat va xorijda yuz berayotgan siyosat, xavfsizlik, iqtisodiyot, madaniyat, fan va sport sohasidagi muhim voqealarni tezkorlik bilan yoritib boradi.