Aktrisa Anjelina Joli sobiq turmush o‘rtog‘i Bred Pittni oilaviy zo‘ravonlikda, farzandlariga nisbatan yomon munosabatda bo‘lishda va ularga kuch ishlatishda aybladi. Bu haqda “Reuters” nashri xabar bermoqda
Kecha, 4 oktyabr kuni Anjelina Joli sudga ariza bilan murojaat qilgan. Xabarda qayt etilishicha, zo‘ravonlik holati oila 2016 yilda Fransiya poytaxti Parijdan AQSHning Los-Anjeles shahriga xususiy samolyotda parvoz qilayotganda sodir bo‘lgan.
Hujjatda, Pitt bolalardan birini bo‘g‘gani, ikkinchisining yuz qismiga urgani, boshqa bir farzandini esa hammom eshigi oldida itarib yuborgani va Jolining bosh qismiga jarohat yetkazgani kabi epizodlar aks etgan. Qolaversa aktyor avval Joliga, keyin esa bolalarga qo‘lidagi vino va pivoni sepib yuborgan.
Qo‘shimcha ma’lumotlarga ko‘ra, aynan samolyotdagi voqea Jolini ajrashish uchun ariza berishga undagan.
Los-Anjeles sudiga taqdim etilgan arizada aytilishicha, Pitt Jolining vino zavodidagi ulushi borasida bo‘lib o‘tgan mulkiy mojaro vaqtidagi kelishuv “Pittning unga va bolalariga nisbatan jismoniy va ruhiy zo‘ravonliklari” tafsilotlarini oshkor etish va ushbu voqealarni ochiq muhokama qilishga to‘sqinlik qilgan. Hozircha Bred Pittning advokatlari ushbu masala bo‘yicha izoh berishmadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq sobiq yulduzli juftlik Fransiyadagi “Chateau Miraval” (qal’a) uzumzor va unga qo‘shimcha vino zavodi bo‘yicha mulkiy mojaro sabab sudlashgan edi.
Ma’lumot o‘rnida, Gollivud yulduzlari 2019 yilda rasman ajrashgan bo‘lsa-da, hali ham farzandlarining kelajagi masalasini hal qilishmagan. Juftlikning olti nafar farzandi bo‘lib, ulardan uch nafari asrab olingan. Sud jarayonlari o‘z yakuniga yetguniga qadar farzandlar onasi qaramog‘ida qolmoqda.