Andijonda sobiq prokuror sudyaga $100 ming pora berganda ushlangani aytilmoqda
Ijtimoiy tarmoqlarda sobiq prokuror S.A. Andijon shahri prokurori Q.A. ning jinoiy ishi bo‘yicha sudyaga 100 000 dollar pora berayotganda ushlangani haqida xabarlar tarqaldi. Sudyalar oliy kengashi mazkur xabarlarga munosabat bildirib, uni rad etdi.
Aniqlanishicha, xabarda qayd etilgan S. A. qariyib bir oy muqaddam boshqa hudud va umuman boshqa holatda firibgarlik jinoyati ustida qo‘lga olingan bo‘lib, ayni paytda tergov harakatlari olib borilmoqda.
“Ushbu holatning shu kunlarda Farg‘ona viloyat sudida mazmunan ko‘rib chiqilayotgan Andijon shahrining sobiq mansabdor shaxslari va boshqalarga oid jinoyat ishi bo‘yicha sudlanuvchilar hamda (ish bo‘yicha raislik etuvchi) sudyaga biron-bir bog‘liqligi yo‘q”, deyiladi kengash bayonotida.
Avvalroq Farg‘ona viloyat sudida Andijon shahrining sobiq hokimi, prokurori va viloyat va shahar darajasidagi turli vazirlik idoralarning mas’ul lavozimlarini egallagan shaxslarga nisbatan sud jarayoni boshlangani haqida xabar bergan edik.